Yo‘l qurilishi loyihalari bo‘yicha hisobot berildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlatimiz rahbariga avtomobil yo‘llari qurish loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.
Mamlakatimizda jami 184 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘li bor. Tahlillarga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarimizning 25 foizi katta yuklamada ishlayapti. Masalan, kuniga 32 ming avtomobilga mo‘ljallangan “Toshkent – Samarqand” yo‘lida 45 mingta transport qatnayapti. Tirbandlik sababli ba’zan bunga 6 soatgacha vaqt ketayapti. 2030-yilga borib harakat jadalligi 80 mingdan oshishi mumkin.
O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi qarorida zamonaviy avtomobil yo‘llarini tashkil etish istiqbollari belgilangan edi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, birinchi navbatda, aholiga qulayliklar yaratish, milliy iqtisodiyotda logistika zanjirlarini mustahkamlashdir.
Mazkur qarorga muvofiq, Toshkentdan Samarqandga va Andijonga eltuvchi muqobil yo‘llar qurish ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, Jahon banki ishtirokida “Toshkent – Andijon” yo‘li loyihalashtirildi. Yanvarda uni qurish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilindi. Qisqa vaqtda unga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi.
Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan bu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkent bilan Andijon orasidagi qatnov vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Yana bir loyiha Toshkent bilan Samarqandni bog‘lovchi qo‘shimcha yo‘l qurishga qaratilgan. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Bu yangi yo‘lning uzunligi 300 kilometr atrofida bo‘ladi. Uning natijasida Toshkent bilan Samarqand o‘rtasida qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Hozirgi mavjud yo‘lda tirbandlik ancha kamayadi.
Umuman, bu yangi yo‘llar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, muqobil va qulay bo‘ladi. Ularda haydovchi va yo‘lovchilar uchun turli pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bunyodkorlik jarayonida mahalliy qurilish korxonalari ham qatnashishi mumkin bo‘ladi.
Transport vaziri mazkur loyihalar holati bo‘yicha taqdimot qildi. Geodeziya ishlarini jadallashtirib, yo‘llar hududini tayyorlash, qurilishga mablag‘ va pudratchilarni jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring