Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning huquqiy kafolatlari kuchaytirilmoqda

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
2025 yil 24 yanvarda bo‘lib o‘tgan Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur Qonun 2024 yil 16 avgustda o‘tgan chaqiriq Senatning 55-yalpi majlisida ham ko‘rilgan edi. Avvalgi muhokamalar jarayonida senatorlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda yo‘l harakati ishtirokchilarining tegishli qoidalarga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, respublika hududida yo‘l-transport hodisalari sodir etilayotgani va buning natijasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetayotganligi haqida o‘z fikrlarini bildirgan edi.
Qonunda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar o‘rin olgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik va siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, Qonundagi ayrim normalar bugungi kundagi real voqelik hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaganligi sababli Senatning 55-yalpi majlisida Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Shundan so‘ng Senat tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlar kelishuv komissiyasi tomonidan batafsil ko‘rib chiqildi hamda barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, Qonun takomiliga yetkazildi.
Xususan, qonun bilan jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash kabi javobgarlik belgilanmoqda. Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori olti oydan kam bo‘lmasligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 1952-moddasi ham to‘liq qayta ishlandi. Jumladan, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti.
Qonunda faqat xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqildi. Jumladan, qat’iy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qat’iy belgilangan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, ya’ni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Shundan kelib chiqib, ushbu moddada “huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish” uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi, yo‘l harakati ishtirokchilarini yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yo‘l harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini ta’minlashga, pirovardida yo‘l-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring