Yil boshidan buyon dunyo boʻyicha vaboga chalinganlar soni 603 ming nafardan oshdi — JSST

14:58 03 Noyabr 2023 Dunyo
239 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotiga koʻra, joriy yil 1-yanvardan 15-oktyabrga qadar Yer yuzida 603 ming nafardan ziyod kishiga vabo tashxisi qoʻyilgan.

2021-yilda bu koʻrsatkich 223 ming, oʻtgan yili esa qariyb 473 ming nafar ekanligini hisobga olsak, sayyoramizda ushbu epidemiya bilan bogʻliq vaziyat tobora yomonlashib borayotgani oydinlashadi.

Eng achinarlisi, bu yil vaboni yuqtirgan bemorlardan 3 804 nafari xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumdi.

Kasallikdan eng koʻp Afrika qitʼasi aholisi aziyat chekmoqda. Xususan, yil boshidan buyon mintaqaning 16 davlatida epidemiya oʻchoqlari roʻyxatga olingan.

Bu borada Burundi, Kongo Demokratik Respublikasi, Zimbabve, Kamerun, Malavi, Mozambik va Efiopiya yetakchilar safida. Qolaversa, Suriya va Gaitida ham vaboga gumon qilinganlar soni ortib boryapti.

Ayni paytda JSST tomonidan ushbu mamlakatlarni zarur dori-darmon va vaksinalar hamda boshqa tibbiy resurslar bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?