Yigʻlayotgan “Bibi seshanba”
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyati hududida 400 dan ortiq sayyohlik obyektlari mavjud. Ular orasida tabarruk qadamjolar va ziyoratgohlar alohida oʻrin tutadi. Xoʻjaobod tumanidagi Imom ota, Xonobod shahridagi Fozilmon ota, Jalaquduq tumanidagi Qutayba ibn Muslim ziyoratgohlari shular jumlasidan. Qoʻrgʻontepa tumanidagi Bibi seshanba, Yunus paygʻambar ota, Andijon tumanidagi Mehmon valiy ota kabi manzillar ham bir paytlar odamlar bilan gavjum boʻlgan. Biroq ularning har biri eʼtiborga muhtojligi achinarli… Ana shulardan biri Sultonobod qishlogʻidagi “Bibi seshanba” ziyoratgohidir.
Fargʻona vodiysida momolar yoki bibilar bilan bogʻliq ziyoratgohlar oʻrta asrlardan buyon mavjud. Jumladan, oʻzbek va tojik xalqlarida afsonaviy Bibi seshanba siymosi qadrli boʻlgan. Boisi, u oilaviy baxt, tikuvchilik, ip yigiruv kabi hunarlar homiysi sifatida talqin etilgan. Sovetlar davrida ziyoratgohlarga borish taqiqlab qoʻyilgan. Shu bois Sultonoboddagi “Bibi seshanba” maskani bolalar oromgohiga aylantirilgan. 2000-2005-yillarga kelib, hududda koʻngillilar tomonidan obodonlashtirish ishlari boshlab yuboriladi. Natijada bir paytlar kichkinagina xonadan iborat boʻlgan maqbara oʻrnida milliy uslubdagi ganchkor maqbara barpo etiladi. Shu tariqa ziyoratchilar tashrif buyura boshlaydi.

Maqbara atrofidagi buloqlar “Jannatbuloq”, “Sumalakbuloq”, “Qizbuloq”, “Koʻzbuloq”, “Shoʻrbuloq” kabi nomlar bilan mashhur. Ular tarkibidagi minerallar turli xil toshmalar, ichki kasalliklar, quloq va koʻz xastaliklariga davo hisoblanadi. Yuqorida taʼkidlanganidek, Bibi seshanba oilaviy baxt siymosi boʻlgani bois aksariyat ziyoratchilar bu yerga kelib qizlariga baxt tilaydi. Farzand koʻrmagan ayollar farzand soʻraydi. Aytishlaricha, “Qizbuloq”dan suv ichib, yuz-qoʻlini yuvgan xotin-qizlarning barcha tilaklari ijobat boʻladi.
Yana bir manbada bayon etilishicha, bir paytlar bu yerda yettita supa boʻlgan. U Miyashirbocha ismli kishi tomonidan qurilgan. Avvaliga oʻtgan-ketganlar dam olishgan. Asta-sekin ular soni koʻpaygan. Miyashirbocha esa ularga xizmat qilgan. Bir kuni uning tushida Oʻzgan shahriga borib, koʻk rangli qoʻy olib kelishi va shu yerda soʻyib, ehson qilishiga ishora qilingan. Bu tush bir necha bor takrorlangach, u xuddi shunday qilgan. Soʻyilgan qoʻy goʻshtini odamlarga tarqatgan. Xudoyi seshanba kuni boʻlib oʻtgan.

Ha aytgancha, Miyashirbocha otamiz 161 yoshida vafot etgan ekan.
Bular qanchalik haqiqat yoki afsona boʻlishidan qatʼi nazar, bugungi kunda “Bibi seshanba” sayyohlarning eʼtiborini jalb qilishi mumkin boʻlgan ziyoratgohlardan biridir. Toʻgʻri, bundan bir necha oʻn yillar avval manzilda obodonlik hukm surgan. Biroq ayni paytda ahvolni qoniqarli, deb boʻlmaydi.
Maqbaraga olib boruvchi va ziyoratgoh atrofini aylanuvchi yoʻlaklar koʻchib, taʼmirtalab boʻlib qolgan. Maqbara devoridagi yozuvlar tashrif buyuruvchilarning nechogʻli “madaniyatli” ekanligidan dalolat. Quyidagi buloqlarning aksariyati oʻtloqlar orasida qolib ketgani uchun noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Mashhur choyxona qadam bosib kirishga qoʻrqinchli tashlandiq binoga aylangan. Koʻngilli hordiq olishga xizmat qilgan qayiqchali belanchak oʻtinxona vazifasini oʻtamoqda. Garchi, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasada, odamlar shu yerda taom pishirib, ehson uyushtirishlariga toʻgʻri kelyapti.

— Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod shahridan keldim, — deydi ziyoratchi Oybek Odilbekov. — Bu yerning taʼrifini koʻp eshitganman. Murodi hosil boʻlmaganlar kelib, ehson uyushtiradigan manzil sifatida Qirgʻizistonda ham mashhur. Biroq vayronaga aylangan ziyoratgohga kelib, toʻgʻrisi, dilim ranjidi. Davr bilan bogʻliq taʼmirlash ishlari paysalga solinishini tushunish mumkin, lekin chor tarafni supurib, pokiza saqlay olmaslikni kechirib boʻlmaydi. Kuzatyapman, bir kunda yuzlab ziyoratchilar kelar ekan. Ular joylashgan joyi, oshpaz haqi uchun pul toʻlashyapti. Mavsum davomida yigʻilgan mablagʻ hisobiga bu joyni qayta obodonlashtirish mumkin. Shunda ziyoratchilar soni yanada ortgan boʻlardi.
Madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olingan bu kabi manzillarda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish katta muammoni tugʻdirmaydi. Zero, saxovatli xalqimiz xayrli ishlarda qoʻldan kelgancha yordamga shay. Misol uchun, Jalaquduq tumanidagi Qutayba ibn Muslim ziyoratgohini olaylik. Bundan atigi toʻrt yil avval ham eski, koʻrimsiz boʻlgan maqbara oʻrnida 20 mlrd. soʻmlik loyiha ishlari bajarildi. Buning uchun davlat va mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilgani yoʻq, barchasi saxovatli insonlar koʻmagida amalga oshirilmoqda. Xuddi shu singari “Bibi seshanba” ziyoratgohida ham obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, choyxona, dam olish maskanlari barpo etish uchun tadbirkorlar jalb etilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Buning uchun xohish va tashkilotchilik boʻlsa kifoya…

Xulosa oʻrnida aytganda, bunday qadamjolar hamisha sarishtali va farishtali manzillardan biri boʻlmogʻi kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring