Ijtimoiy tarmoqlarda “KUN FOTOSI: Kitob karvoni yoki...?!”
Ijtimoiy tarmoqlarda “KUN FOTOSI: Kitob karvoni yoki...?!” tagxati bilan bortida “Fargʻona viloyatiga kitob karvoni” yozuvli avtomashinaning yukxonasiga kartoshka ortilgani aks etgan fotosurat joylashtirilgan.
Holat Fargʻona viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi masʼullari ishtirokida oʻrganildi. Yuk avtomashinasi egasi, asli fargʻonalik boʻlgan Maʼrufjonni topib, oʻzidan xolis munosabat soʻraldi.
Uning aytishicha, “kitoblar yilning may oyi oxirida shu mashinada olib kelingan, lekin surat noyabr oyi boshlarida olingan boʻlishi kerak”. “Nega besh oycha vaqt mashina bortida yozuv qoldirilgan?” degan savolga Maʼrufjon shunday izoh berdi:
– Iyun-oktyabr oylarida mashinamiz buzilganicha noyabrda tuzaldi. Ehtiyot qismlarni toʻplash choʻzilib ketdi. Katta roʻzgʻorimizni tebratib turgan mashina tuzalgach, ishga chiqish oldidan Fargʻona shahar markaziga yaqin joydagi yuk mashinalarini yuvish va tozalash joyiga olib bordim. Oʻsha joyga yaqin hududda bir hamkasb tanishimni uchratdim va mendan yordam soʻradi. Yuki bilan mashinasi buzilgan ekan. Uning iltimosiga koʻra, qoplangan kartoshkalarni vaqtinchalikka mening mashinamga yuklab turdik. Buni haydovchilar tilida “perekid” deyishadi. 1-2 soatga, xolos. Shu kuniyoq, tanishim mashinasini taʼmirlab qaytdi, yana kartoshkalar oʻz joyiga qayta yuklandi. Bu orada mashinam avtoturargohdan hech qayoqqa chiqmagan. Qolaversa, u joy bozor hududi ham emas.
Uning aytishicha, oʻsha kunning oʻzida taʼmirdan chiqqan mashinasini yaxshilab tozalatib, yozuvlarni ham olib tashlagan.
– Toʻgʻrisi, internetdagi surat menga qattiq taʼsir qildi, – deydi Maʼrufjon. – “Kitob karvoni” loyihasida Fargʻonaga yuz mingdan oshiq kitoblarni shu mashinada oʻzim tashiganman. Buni televizorda koʻrsatishgan. Ana, haligacha internetdayam turibdi ekan. Voqeani bilmay turib, odamda noxolis fikr uygʻotadigan xabarni tarqatish gʻiybatdan boshqa narsa emas. Buni oqlamayman.
Maʼrufjon soʻzining oxirida birovlar shaʼniga nooʻrin gap-soʻzni koʻpaytirishdan koʻra, odamlarga yordam berishni oʻylagan yaxshi, deb qoʻshib qoʻydi.
Fargʻona viloyati Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar boshqarmasi matbuot xizmati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring