Ijtimoiy sohalardagi vazifalar muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Oʻzbekistonda ijtimoiy davlat qurish strategik maqsad etib belgilangan. Aholi turmushi uchun munosib sharoitlar yaratish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda.
Oxirgi yetti yilda maktabgacha taʼlimda qamrov 27 foizdan 74 foizga yetdi. Yangi maktablar qurilib, qoʻshimcha 700 mingta oʻquvchi oʻrni yaratildi. Prezident maktablari tashkil etildi, ixtisoslashtirilgan maktablar koʻpaydi. Oliy oʻquv yurtlari soni 200 tadan oshib, qamrovi 42 foizga yetdi. Taʼlim va tibbiyotda xususiy sektorga keng yoʻl ochilib, sifatga intilish paydo boʻldi.
Shu bilan birga, bu sohalarda aholi bilan ishlash, standartlarni yangilash va raqamlashtirish borasida kamchiliklar bor. Yigʻilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, joriy yilgi vazifalar belgilandi.
Barcha maktabgacha taʼlim muassasalarini milliy qadriyatlarimizga mos oʻquv-metodik materiallar bilan taʼminlash, ovqat taʼminoti, davomat, badal puli kabi jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish zarurligi taʼkidlandi. Bogʻcha mudiraligiga nomzodlarni saralash va lavozimga tayinlash, tarbiyachilar malakasini oshirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Taʼlim sohasida vazifalar juda koʻp. Shu bois oʻtgan haftada Loyiha ofisi tashkil qilindi va unga katta ilmiy-amaliy tajribasi bor mutaxassislar jamlandi. Endi mazkur ofis Taʼlimni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi bilan birgalikda maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilaydi. Oʻquvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Prezident maktablari taʼlim dasturi yana 1 mingta maktabda qoʻllanadi. Ularning moddiy-texnik bazasi shunga muvofiq yaxshilanadi. Maktablarga “til egalari”ni olib kelish amaliyoti kengaytiriladi.
Yoshlar maktab davridayoq, hech boʻlmasa, bitta hunarni egallab, katta hayotga qadam qoʻysa, oʻz yoʻlini topadi. Shu maqsadda 50 ta kasb-hunar roʻyxati tuzilib, ular boʻyicha oʻquv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Maktablarda ustaxonalar, tadbirkorlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda toʻgaraklar tashkil etiladi, “Kasbiy taʼlim ustasi” lavozimi ochiladi. Maktabdagi boʻsh joylar tadbirkorlarga oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻqitish uchun tekin foydalanishga beriladi. Oʻquv kursini tamomlab, imtihondan oʻtgan oʻgʻil-qizlarga malaka sertifikati beriladi.
Davlatimiz rahbari maktablardagi tarbiya va maʼnaviyat masalasiga alohida toʻxtaldi. Oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” hosil qilish zarurligi taʼkidlandi. Maktablardagi 2 mingta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazilishi belgilandi.
Darslardagi davomatga, tarbiyasi ogʻir oʻquvchilarga alohida eʼtibor qaratiladi. Ota-onalar va mahalla raislarining bu boradagi masʼuliyati oshiriladi. “Maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasini ishga tushiriladi.
Yoshlar oʻrtasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar tahlil qilinib, ularning zararli taʼsiridan himoyalanish va ijobiy tomonidan foydalanish choralari koʻriladi. Shuningdek, ota-onalar uchun farzand taʼlim-tarbiyasi boʻyicha xalqchil tilda qoʻllanmalar tayyorlanadi.
– Bu tashabbuslar yoʻlga qoʻyilsa, maktab taʼlimi boʻyicha ota-onada masʼuliyat, oʻqituvchida majburiyat, oʻquvchida ishonch, taʼlim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat boʻladi, – dedi Prezident.
Professional va oliy taʼlimdagi ayrim yoʻnalishlar hozirgi mehnat bozoriga, texnologik yangilanishlarga mos emasligi koʻrsatib oʻtildi. Ish beruvchilarda katta ehtiyoj, talabalarda salohiyat va xohish bor. Lekin ularni bogʻlaydigan uzviy tizim yoʻq.
Shu bois endi Kasbiy bilim va malakalarni rivojlantirish respublika kengashi hamda Mehnat tadqiqotlari instituti taʼlim sohasidagi Loyiha ofisiga biriktiriladi.
Talab yuqori boʻlgan 100 ta kasb standartlari Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida yangilanadi. Bunda malaka talabi ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Professional taʼlim ustozlariga yangi standartlar boʻyicha oʻqitish talablari qoʻyiladi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab, texnikumlarda oʻqitish “akademik” va “ishchi kasb” komponentlarining uzviyligini taʼminlaydigan yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyiladi. Bunda kollej-texnikumning 1-2 kursidagi taʼlim dasturlari, darsliklar, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil boʻladi.
Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni oʻzlashtirish boʻyicha toʻplangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim boʻladi. Yaʼni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” toʻplagan oʻquvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida taʼlimni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Kollej-texnikumda oʻqib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi boʻlganlarni sohadagi mavqeini oshirish boʻyicha ham yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Endi kollej-texnikumda “ishchi kasb” yoʻnalishida oʻqiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, bakalavrga teng malaka darajasini olishi mumkin.
Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida oliygoh, texnikum va kollejni bir-biriga bogʻlash shartlari va tartibini ishlab chiqish topshirildi. Oliy taʼlim muassasalariga maqom berishning aniq mezonlarini belgilash, bakalavr yoʻnalishlarini maqbullashtirish, taʼlim dasturlarini dunyodagi 300 ta eng yaxshi oliygoh dasturi asosida yangilash vazifasi qoʻyildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Prezident Administratsiyasi huzuriga oʻtkazilib, xorijda oʻqish boʻyicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi.
Aholi hayotida katta oʻrin tutadigan sohalardan biri bu sogʻliqni saqlash. Yigʻilishda bu boradagi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Birlamchi tibbiyot tizimida sifat va mutaxassislar yetishmasligi qayd etilar ekan, Sogʻliqni saqlash vazirligiga sohadagi barcha vakansiyalarni onlayn platformaga joylashtirib, kadrlarni ishga olish boʻyicha shaffof tizim yaratish topshirildi.
Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, avvalo, qishloqlar aholisiga xizmat qilishi kerakligi taʼkidlandi. Ularni birlamchi boʻgʻin bilan bogʻlash, ish tizimini raqamlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida endilikda xavf guruhiga kiruvchi aholini yurak qon-tomir, onkologiya va endokrin kasalliklari skriningidan oʻtkazish tizimi oʻzgartiriladi. Buning uchun respublika kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya markazlari masʼul boʻladi.
Shuningdek, onkologiya boʻyicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi. Bu tajriba 1-maydan Qashqadaryoda boshlanadi va kelgusi yildan boshqa hududlarda yoʻlga qoʻyiladi.
Xorijiy ekspertlarni jalb qilinib, eskirgan klinik protokol va standartlar xalqaro mezonlarga moslashtiriladi. Kasalligi yengil bemorlarni dori bilan emas, immunitetni koʻtaradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolash kengaytiriladi.
Tibbiyot sohasidagi 23 ta markaz, 12 ta oliygoh, 2 ta malaka oshirish markaziga zamonaviy menejerlarni ishga olinib, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Buning natijasida shifokor va hamshiralar yangicha oʻqitiladi, davolash sifati oshadi, dori yozish kamayadi, eng muhimi – rivojlangan klinikalar muhiti kirib keladi.
Soʻnggi ikki yilda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga byudjetdan 90 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Buning natijasida aholiga koʻplab qulayliklar yaratildi. Endi “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimlari ishga tushiriladi. Kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berish yoʻlga qoʻyiladi. Viloyat shifoxonalari ham elektron yoʻllanma tizimiga ulanadi.
Davlatimiz rahbari har bir ona va bola oʻlimiga “favqulodda holat”, deb qarash kerakligini aytdi. Tugʻruqxonalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, homilador va tugʻruq yoshidagi ayollar salomatligini mustahkamlash, doya va hamshiralarni qoʻshimcha oʻqitish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Madaniyat sohasida avval belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilindi. Har bir tumanda kinozali, kutubxonasi va toʻgarak xonalari boʻlgan madaniyat markazi barpo etish, hududlarda madaniy tadbirlar oʻtkazish va yoshlarni sanʼatga jalb qilish masalalari koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, mahallalarni ommaviy turidan biriga ixtisoslashtirish, hududlar va respublika miqyosida musobaqalar tashkil etish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.
Shu yil Parijda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalalari ham koʻrib chiqildi. Sportchilarning yoʻllanmalarni qoʻlga kiritishi va musobaqalarga yaxshi tayyorgarlik koʻrishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi aytildi. Ularni chuqurlashgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, farmakologiya va diyetologiya jihatidan sifatli taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring