Ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlarning ijrosi tahliliy koʻrib chiqildi

17:40 17 Noyabr 2020 Siyosat
334 0

2020-yil 17-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda fraksiya aʼzolari tomonidan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yilning 9 oylik ijrosi yakunlari chuqur tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, 2020-yil 9 oylik Davlat byudjeti daromadlari 94 457,2 mlrd soʻmni tashkil etib, belgilangan 91 795,9 mlrd soʻm prognoz 102,9 foizga yoki 2 661 mlrd soʻmga oshirib bajarilgan. Oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan daromadlar 15 297,4 mlrd soʻmga oʻsgan.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 53 685,3 mlrd soʻm yoki umumiy xarajatlarning 52,5 foizi miqdorida mablagʻ sarflanganligi deputatlar tomnidan ijobiy holat sifatida baholandi. Ushbu xarajatlarning 84,0 foizi yoki 45 096,1 mlrd soʻmi Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Fraksiya aʼzolari bugungi pandemiya davrida yoshlarning uzliksiz taʼlim olishlarini taʼminlash maqsadida ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan ajratilgan 21 638,8 mlrd soʻmning tizimli ishlatilish borasidagi ishlar muhokamasiga eʼtibor qaratishdi.

Shuningdek, deputatlar “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqishdi.

Fraksiya aʼzolari Oliy Majlis quyi palatasiga kiritilgan 2021-yilga moʻljallangan byudjet loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqishga ham alohida eʼtibor qaratdi. Bunda dastlab fraksiya deputatlaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, byudjet loyihasini koʻrib chiqishda “Adolat” SDP gʻoyalaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy sohaga eʼtibor qaratish belgilab olindi.

Deputatlar tomonidan eʼtirof etilganidek, bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining tarmoqlarini isloh qilish doirasida iqtisodiy va moliyaviy statistika maʼlumotlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, byudjet jarayoni ochiqligini taʼminlash, soliq yukini kamaytirishning yangi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Qayd etilganidek, 2021-yilgi Davlat byudjeti xarajatlari 165,7 trln. soʻmni (YAIMga nisbatan 24 foiz) yoki 2020-yilgi tasdiqlangan parametrga nisbatan 26 foizga oʻsishi prognoz qilinib, bu alohida sohalar rivojiga maqsadli xarajatlarni oshirish yoʻli bilan iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishni taʼminlaydi.

Muhokamalarda uzluksiz taʼlim yagona tizimining muhim boʻgʻini hisoblanadigan maktabgacha, oʻrta va oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirishda Davlat bosh islohotchi tamoyilini saqlab qolish lozimligi va bu sohalar rivojini taʼminlashda ularga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarni bosqichma-bosqich oshirib borilishini koʻrib chiqish ham fraksiya deputatlari diqqat markazida boʻldi.

Fraksiya aʼzolari tomonidan ushbu hujjatlarni koʻrib chiqishda barcha deputatlar masʼuliyat bilan yondashishi, soha mutaxassislari bilan har bir masala boʻyicha keng qamrovli muhokamalar tashkil qilib, ishlash zarurligi ham taʼkidlandi. Chunki, bu hujjat mamlakatda 2021-yilda amalga oshiriladigan islohotlarni taʼminlashda asosiy bosh moliyaviy hujjatdir.

Yigʻilishda muhokama etilgan shu va boshqa masalalar boʻyicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqadigan fraksiya takliflari va munosabati bildirildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?