Ijtimoiy soha obyektlari UZKAD dasturiga kiritilmoqda

02:15 25 Sentyabr 2023 Jamiyat
1067 0

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 24-avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosi boʻyicha boshqarmamiz tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar haqidagi maʼlumotlarni UZKAD tizimiga toʻliq oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur Farmon bilan tasdiqlangan dasturga asosan qogʻoz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har bir koʻchmas mulk obyektini identifikatsiyalagan holda toʻrt bosqichda UZKAD tizimiga toʻliq oʻtkazilishi belgilangan. Dastlabki bosqichda koʻp kvartirali uylar, keyingi bosqichda davlat tashkilotlariga tegishli obyektlar va ijtimoiy soha obyektlari, uchinchi bosqichda tijorat tashkilotlariga tegishli obyektlar hamda yakuniy bosqichda yakka tartibdagi turar joylar va boshqa obyektlari dasturga kiritiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytmoqchimizki, oʻtgan yil yakuni bilan viloyat hududidagi jami 2261 ta koʻp kvartirali uylarni tizimga yuklash ishlari yakunlangan edi. Shundan soʻng, davlat tashkilotlariga tegishli va ijtimoiy soha obyektlarini tizimga kiritish ishlari boshlab yuborildi.

Buxoro viloyatida mavjud barcha maktablar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sohaning 8 ta yoʻnalishidagi mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tomonidan oʻrganilib, jami 586 ta maktab, 462 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 2333 ta davlat obyekti dasturga toʻliq kiritildi. Ayni paytda ishchi guruhlar tomonidan ijtimoiy soha obyektlarini tizimga kiritish borasidagi yumushlar davom etmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat reyestri hamda koʻchmas mulk obyektlari haqidagi maʼlumotlar UZKAD tizimi orqali yuritilib, ularning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Mirshod SHUKRULLAYEV,

Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasining Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻlimi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер