Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi murojaatlarini tezkor koʻrib chiquvchi “ishonch telefoni” ishga tushiriladi

11:42 06 Yanvar 2024 Hujjatlar
2527 0

“Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini taʼminlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini koʻrsatishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (539-son, 14.10.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2023-yil 15-oktyabrdan:

— oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi;

— ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash boʻyicha arizalarni qabul qilish vakolati beriladi.

2024-yil 1-yanvardan I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga koʻra oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba oʻrganiladi va oʻrganish maʼlumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritib boriladi.

2024/2025 oʻquv yilidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan oʻtkaziladigan “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik tanlovining viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan ijtimoiy xodimlar davlat oliy taʼlim muassasalariga “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

2024-yil 1-iyuldan moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy toʻlovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida “Ijtimoiy himoya” ATda hisobi yuritiladi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalar integratsiya qilinadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan:

— 2023-yil 1-noyabrdan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar eksperiment tariqasida yoʻlga qoʻyiladigan tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlarida ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam koʻrsatish tizimi joriy etiladi;

— 2023-yil 15-noyabrgacha oʻzining tizimiga kiradigan tashkilotlarga tegishli bino va inshootlarga ijtimoiy himoya yoʻnalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini, zaruratga koʻra, tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralari koʻriladi;

— 2023-yil 1-dekabrgacha tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish natijasiga koʻra nogironligi boʻlgan shaxs uchun sogʻligʻining holatiga koʻra mumkin boʻlgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar integratsiyasi taʼminlanadi;

— 2024-yil 1-yanvargacha ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining murojaatlarini tezkor koʻrib chiqishga moʻljallangan “ishonch telefoni” ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?