Ijtimoiy himoya xayriya emas, insonparvarlikka asoslangan tizim

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Keyingi paytda ijtimoiy himoya xayriyami?.. Bu kimlarga beriladi, degan savollar bilan mahallaga murojaat qiladiganlar koʻpayib bormoqda. Avvalo yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan kambagʻal oilalar, yolgʻiz onalar, koʻp bolali oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar ijtimoiy himoyaga daʼvogar hisoblanadi. Mana shunday ijtimoiy taʼminotga muhtoj aholiga yordam koʻrsatish maqsadida Davlatimiz rahbarining 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan yangi boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Ijtimoiy himoyaning yangi tizimi qisqa muddatda mahallada 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni xatlovdan oʻtkazib, yagona aniq roʻyxatini ishlab chiqmoqda. Ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida koʻrsatib, fuqarolarning markazgacha ovora boʻlishini oldini olmoqda. Albatta, ijtimoiy himoya — bu xayriya emas, ijtimoiy xodim fuqarolarga nafaqa yoki boshqa moddiy yordam berish boʻyicha soʻrovlarni “mahalla yettiligi” ishtirokida koʻrib chiqish tartibini yoʻlga qoʻymoqda. Xolislik va shaffoflik — ijtimoiy himoyaning asosiy mezoni.
— Oʻzim tikuvchilikka qiziqaman. Bundan olti yil ilgari xavfli oʻsma tufayli oʻng oyogʻimning son qismidan jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, toʻshakka mixlanib qolgandim, — deydi Jomboylik 2-guruh nogironi Humora Donoboyeva. — Menga ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan zamonaviy son protezi olib berildi. Shundan soʻng oʻzim mustaqil harakatlanib, xonadonimda tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻydim. Hozir 3 nafar xotin-qizlarga tikuvchilik sir-asrorlarini oʻrgatib kelmoqdaman.
Ijtimoiy himoyaning yangi tizimi yoʻlga qoʻyilgani nogironligi boʻlgan koʻplab shaxslarning muammolariga oʻz vaqtida yechim topmoqda. Aniq misollarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, birgina Samarqandda oʻtgan yil mobaynida ijtimoiy xodimlar tomonidan 11,4 ming nafar shaxsga individual yordam koʻrsatildi. Viloyatda 101632 nafar nogironligi boʻlgan fuqarolar roʻyxatga olingan boʻlsa, yil yakuniga qadar xatlov natijasida yana 7452 nafar fuqaroga nogironlik belgilandi. Achinarlisi, ular orasida turli sabablarga koʻra 15-30-yillab nogironlik belgilanmagan fuqarolar bor.
— Nogironligim sababli qariyb 20-yildan beri toʻshakka mixlanib qolganman, — deydi Samarqand tumanida yashovchi Fariddun Xoʻjayev. — Faqat oilam qaramogʻida boʻlib, nogironlik guruhi belgilanmagandi. Mahallamizda faoliyat koʻrsatayotgan ijtimoiy xodim koʻmagida menga nogironlik guruhi belgilandi. Endi davlat tomonidan ijtimoiy yordam olyapman.
— Yoshlarni ijtimoiy himoyalash, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash masalasi ham faoliyatimizning asosiy yoʻnalishi hisoblanadi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Xurshid Nazarov. — Hozirgacha tashkilotimiz tomonidan 11882 nafar yoshlarning nazoratga olinishi taʼminlandi. Ularning taʼlim-tarbiyasini nazorat qilish maqsadida 8190 nafariga vasiylik tayinlandi. 3129 nafariga homiylik belgilandi. 375 nafari farzandlikka berildi. Hozirda 157 nafar qarovsiz bola ijtimoiy muassasalarda tarbiyalanayotgan boʻlsa, 38 nafari oila muhitiga qaytarildi. Yuqoridagi mazkur qarorda har bir viloyat va tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatini yoʻlga qoʻyish, nogironlik reabilitatsiya markazlarida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovini 5 karra oshirish, tibbiyot oliygohlarida reabilitatsiya kafedralarini ochish boʻyicha vazifalar belgilangan. Eʼtiborlisi, nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari roʻyxati ham kengaytirilib, 37 taga yetkaziladi. Ayni paytda Samarqandda 15706 nafar fuqaro ayni vositalar bilan taʼminlangan. Yangi qulaylik nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga tezroq qaytishi, oʻzi istagan mehnat faoliyati bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari bu jarayonni ragʻbatlantirish maqsadida 2025-yilning 1-yanvaridan nogironligi boʻlgan ishchilar uchun ijtimoiy soliqni 1 foiz etib belgilash taklifini berdi. Shuningdek, korxonalarga surdo-tarjimon, psixolog va koʻzi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajatiga 50 million soʻmgacha subsidiya ajratilishini taʼkidladi.
Darhaqiqat, aholi ijtimoiy xodimlarning mahallama-mahalla yurib, ehtiyojmandlar holidan xabar olayotgani va ularga ijtimoiy yordam koʻrsatayotganidan minnatdor. Ochigʻi, ilgari Sogʻliqni saqlash vazirligi nogironligi boʻlgan insonlarga, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga qarardi. Xalq taʼlimi vazirligi maxsus maktab internatlari, mehribonlik uylariga javobgar hisoblanardi. Mehnat vazirligi nogironligi boʻlganlarni mehnatga yoʻnaltirish bilan shugʻullanardi. Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi nogironlik nafaqalari bilan ishlardi. Fuqarolar ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatlarni oʻzida olib yurishga majbur edi.
Prezidentimizning 2025-yilning 1-iyuligacha “ijtimoiy karta” joriy etish boʻyicha bergan taklifi ham tizimini yanada takomillashtirish uchun ayni muddao boʻldi. Mazkur karta yordamida jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va oʻqish xarajatiga kompensatsiyalar olish mumkin. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi. Bu bilan fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qoʻyiladi. Nogironligi boʻlgan yoshlarni taʼlim bilan qamrab olish uchun har bir tumanda bittadan bogʻchada inklyuziv taʼlim guruhi, maktablarda inklyuziv sinflar ochiladi. Harakati cheklangan bolalarning maktabga kelib-ketish xarajatining 75 foizi qoplab beriladi. Bu oʻz navbatida, yosh avlodning taʼlim-tarbiya olishida teng imkoniyatlar yaratish, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring