Ijtimoiy himoya – ijtimoiy davlat ustuni

14:25 14 Dekabr 2024 Jamiyat
311 0

Yangi Oʻzbekistonimizda soʻnggi yillarda taraqqiyot surʼatlari izchil oʻsib borayotganini kuzatishimiz mumkin. Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, shu bilan birga aholiga sifatli xizmat koʻrsatish, inklyuzivlikni taʼminlash, ijtimoiy himoya tizimi xalqaro tajriba asosida rivojlantirilmoqda. Yuqorida qayd etilgan islohotlar dinamikasiga mos ravishda aholini ijtimoiy himoyalash, samarali ijtimoiy siyosat yuritish davlatimizning kun tartibida turgan eng muhim masalalardan hisoblanadi.

Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida tashkil etildi.

Mazkur agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda oʻz faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentyabrdagi PQ-319-son qaroriga muvofiq, 28 ta tuman (shahar)da, eksperiment tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar koʻrsatadigan ijtimoiy xizmatlar hamda yordamlarning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Ijtimoiy muammolarni adolatli hal etishning mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratilib, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etilgani bugun ijtimoiy masalalarni samarali hal etishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qoʻyildi. Bosh qomusimizda ijtimoiy majburiyatlarga doir normalar 3 barobarga oshganligi, mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida boʻlishi belgilandi.

Oʻzbekiston 2021-yilda «Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya»ga qoʻshilgan. Bunday shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar berilib, endilikda bino va inshootlarni qurish loyihasi nogironligi boʻlganlar uchun qulay muhit yaratilganligi boʻyicha ham majburiy ekspertizadan oʻtkazilmoqda. Jamoat transporti, bekatlar va chorrahalarda ular uchun toʻsiqsiz muhit yaratish choralari koʻrilmoqda.

Shuningdek, xodimlarining 50 foizida nogironlik boʻlgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzish imkoniyati taqdim etildi.

Joriy yilning 13-dekabr kuni muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ham koʻplab muammolar oʻz yechimini topdi.

Davlatimiz rahbari bu yil ijtimoiy himoya boʻyicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qoʻshimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun taʼlim, toʻgarak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi. Yangi yildan oilaviy bogʻcha oʻrinlarini 15 foiziga kambagʻal oila farzandlari qabul qilinib, bogʻcha toʻlovi qisman qoplab berilishi eʼlon qilindi.

Kambagʻal oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga oʻqitish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Yigʻilishda masʼul shaxslarga 1-martgacha toʻgaraklar ochib, kambagʻal oiladagi 118 ming yoshni oʻqitishni boshlash topshirildi. Toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha boʻlgan qismi davlat byudjetdan qoplanishi qayd etildi.

Kambagʻal oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi taʼkidlanib, oliygoh rektorlari ham kambagʻal oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni oʻqitishga bosh-qosh boʻlishi shartligi boʻyicha topshiriqlar berildi.

Hozirgi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolarimiz tugʻilganlik, nogironlik toʻgʻrisida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatni koʻtarib yurishga majbur.

Bunday ovoragarchilikka chek qoʻyish vaqti kelganini taʼkidlab, Prezident barcha hujjatlarni oʻrnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilishini eʼlon qildi.

Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va oʻqish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin boʻladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.

Ayni vaqtda Vatanimizda amalga oshirilayotgan muhim siyosiy jarayonlarda xalqimiz taraqqiyoti, farovonligi uchun yangi-yangi reja va dasturlarni kutayotganiga shubha yoʻq. Ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻylaymizki, xalqimizni rozi qiladi va yuksak marralarni egallashiga zamin yaratadi.

Eldor Shermanov,

Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy

musiqa sanʼati instituti rektori v.b.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер