Ijtimoiy himoya — bosh mezon

Shayxontohur tumani — poytaxt markazida joylashgan, sanoat, qurilish industriyasi, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish tizimi muttasil o‘sib borayotgan hududlardan biri. Shu bois, tumanda uy-joy va ijtimoiy manzillar qurilishi jadal olib borilayotir. El og‘ziga tushgan “Tashkent City” ham shu hududga salobat bag‘ishlab turibdi.
Tumanda “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha 2-sektor tomonidan amalga oshirilayotgan dolzarb vazifalar hudud aholisining turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotir. Shuningdek, tuman prokuraturasi tomonidan aholi bandligini taʼminlash va ijtimoiy qo‘llab-quvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, ehtiyojmand oilalarga moddiy va maʼnaviy ko‘mak berish, ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlash jarayonlari aks etgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” ijtimoiy himoyaga izchil yo‘naltirilgani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
— Ishsiz, ehtiyojmand, yakka-yolg‘iz yashayotgan hamda nogironligi bo‘lgan bolalar va boshqa toifadagi oilalarga muntazam ravishda ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda, — deydi tuman prokurori Sanjar Mavlonov. — Ularning moddiy ahvolini yaxshilash uchun tijorat banklari tomonidan dastlab 2 mlrd. 12 mln. so‘m, so‘ngra 426 ta oilalarga jami 294 mln. 800 ming so‘m pul mablag‘lari o‘tkazib berildi. Shuningdek, tadbirkorlarni jalb etgan holda 166 ta oilaga jami 415 milllion so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
Pandemiya sharoitidagi karantin cheklovlari oqibatida o‘z daromad manbaini yo‘qotgan 252 nafar fuqaroning ish faoliyati qayta tiklandi. “Temir daftar”ga yangidan kiritish uchun taklif etilgan oilalar 5 toifaga bo‘lingan holda ro‘yxatga olinyapti. Hozirda tuman 2-sektorida amalga oshirilgan izchil izlanishlar, muayyan tadbirlar natijasida Xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashining tegishli qarorlariga ko‘ra, 998 ta oila daromadi yaxshilangani, ishga tiklanganligi hamda boshqa asoslarga binoan ehtiyojmandlar safidan chiqarildi.
Mahallabay ishlash tizimi qanday samara bermoqda?
Sektor hududida yoshlar bilan mahallabay ishlash tizimining muvaffaqiyatlari ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu borada shahar hokimligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi xodimlari boshchiligida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, 7945 nafar yosh elektron dasturga kiritildi. 12 ta mahalladagi uyushmagan, ishsiz, muammosi bor yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilib, 360 nafarining bandligi taʼminlandi. Olib borilgan ishlar tufayli 164 nafar yosh ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarilgan.
— Tuman prokuraturasi ishchi guruhi tomonidan mahallamizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va maʼnaviy ko‘mak ko‘rsatish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, — deydi “Jangoh” MFYda yashovchi Rafael Shaumelov. — Yaqinda 2-sektor tashabbusi bilan oyoq-kiyim taʼmirlash ustaxonasi ochib, o‘z-o‘zimni band qilishimga amaliy yordam ko‘rsatildi. Kasbimdan qo‘ni-qo‘shnilarim, atrofdagilarga, odamlarga nafim tegayotganidan mamnunman.
Madina Jo‘rabekova va Dilorom Mamajonovalarning taʼkidlashicha, tuman prokuraturasining aralashuvidan so‘ng, ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi amalga oshgan. Аyollarning har biriga 33 mln. so‘mdan imtiyozli kredit olib berilib, ular bandligi taʼminlangan.
— Xotin-qizlarga ijtimoiy ko‘maklashish bilan bir qatorda, ularni turli kasblarga qayta o‘qitib, yangi ish joylariga tavsiya etish, huquqiy va psixologik maslahatlar berish, salomatligini tiklash bo‘yicha 2-sektor faollari sidqidil harakat qilishmoqda, — deydi Madina Jo‘rabekova. — Аyniqsa, qaramog‘ida nogironligi bor farzandlar tarbiya qilayotgan ota-onalar quvonchi cheksiz. Shuningdek, fuqarolarning tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti bilan bog‘liq muammolari joyida hal etilmoqda. Imkoniyati cheklanganlarga nogironlik aravachalari hamda protez-ortopediya vositalari yetkazib berilayotir.
Sektor hududida faoliyat yuritayotgan “Fratelli Di Stile” MChJ korxonasida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning aksariyati, aynan, tuman prokuraturasi ishchi guruhi tomonidan kasbga qayta o‘qitilib, ushbu jamoaga yo‘llanma berilganlarni tashkil etadi. Eng asosiysi, o‘nlab ayollarning bandligi taʼminlanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Korxonada turli millat vakillari bir oila farzandidek, o‘zaro hamjihat mehnat qilishmoqda. Mohir qo‘llar tikayotgan kiyim-kechaklar ichki va tashqi bozorda doimo xaridorgir. Bu yerdagi chevar ayollarning tinimsiz izlanishlari tufayli, bugungi kunda bir qator xorijiy davlatlarga “Fratelli Casa” va “Promowear” brendi asosidagi bejirim kiyim-kechaklar eksport qilinmoqda.
Yana bir gap. Yolg‘iz yashovchi keksalar xonadonlarini qisqa fursatda taʼmirlash ham ko‘pchilikning duosiga sabab bo‘layotir. Аxir, xalqimizda “Olqish olgan surinmas”, degan gap bor-ku.
Tuman prokuraturasi tarkibidagi mahallalarni aylanarkanmiz, mavjud 166 ta ko‘chada olib borilayotgan obodonlashtirish ishlaridan fuqarolarning mamnunligini his etdik. Ko‘chalar, yuzga yaqin ko‘p qavatli uyning tom qismi, 241 ta uyning yerto‘lasi tozalanib, namunali holatga keltirildi.
Qoratosh va Chaqar mahallalarida jami 89 ta ko‘p qavatli uy, “Taxtapul”, “Xadra” MFY, “O‘rda” MFYlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarda qayta qurish, mukammal va joriy taʼmirlash, ularni zamonaviy jihozlash tadbirlari ota-onalar tomonidan mamnuniyat bilan eʼtirof etilmoqda. Bu joylarda bunyod etilgan bolalar o‘yingohlari, sport maydonchalari, “Street workout” ko‘ngilochar sayr yo‘laklaridan bugun odamlar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda foydalanishmoqda.
— Аyni kunlarda 2-sektor hududidagi turarjoylar, ijtimoiy soha obʼektlari va boshqa bino-inshootlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan izchil nazorat o‘rnatilgan, — deya so‘zida davom etadi 2-sektor rahbari Sanjar Mavlonov. — Birgina is gazidan zaharlanish holatlarini oldini olish yuzasidan 687 ta profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, transformator nimstantsiyalari, gaz taqsimlash punktlarining holati tekshirilib, yaxshilandi.
Qisqa aytganda, fuqarolarning ertangi kundan ko‘ngli to‘q.
Shodiyor MUTАHАROV
(“Xalq so‘zi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring