Issiqxona gazlarining chiqarilishini tartibga solishga oid qonun nima uchun rad etildi?
Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining oldini olish, uning salbiy ta’sirini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq sohani tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmaganligi issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish taqozo etilmoqda.
Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini ta’minlashga e’tibor qaratilgan.
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan taklif etilayotgan Qonun bugungi kun uchun juda ham muhimligi, lekin unda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar ham mavjudligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Jumladan, “issiqxona gazlari” tushunchasini qayta ko‘rib chiqish, mahalliy Kengashlar yoki ijro hokimiyatining issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi vakolatlarini aniq taqsimlash, Qonunning ayrim moddalarini chiqarib tashlash lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, Qonunda vakolatli davlat organlarini aniq ochib berish, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Senatorlar Qonun kelgusida huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim nomuvofiqliklarni va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mos kelishi lozim, degan xulosaga keldi.
Muhokama yakunida ushbu Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring