Issiq kunlarda qanday taomlangan maʼqul?

Kunlar tobora isib bormoqda. Jaziramada insonning ishtahasi pasayib, lohas boʻlib borishi tabiiy hol. Ammo kuni bilan sarf qilingan energiyaning oʻrnini oziq-ovqat bilan toʻldirib turilmasa, mehnat faoliyati sustlashib borishi mumkin. Oʻz oʻrnida salomatlikni asrash uchun toʻgʻri ovqatlanish tartibi haqida ham unutmaslik kerak. Xoʻsh, bugungi issiq kunlarda qanday taomlangan maʼqul?
Shu boʻyicha berilgan savollarga Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, oʻsmirlar gigiyenasi kafedra professori Guli Shayxovaga javob berdi.
— Albatta yoz kunlari ishtaha pasayishi sababli koʻproq hoʻl mevalar va xom holatdagi sabzavot hamda ulardan tayyorlangan salatlarni xush koʻrib isteʼmol qilamiz, — deydi G.Shayxova. — Chunki bu mahsulotlarning koʻpchiligi chanqoqni qondiradi hamda organizmni kerakli mineral moddalar va vitaminlar bilan toʻyintirib boradi. Lekin ularning kaloriyasi kam va kuni bilan sarf qilingan quvvatning oʻrnini bosa olmaydi. Organizmga esa doim oqsil moddalari zarur.
Buning uchun goʻsht va uning oʻrnini bosuvchi baʼzi (dukkakli) mahsulotlar kunlik taomnomaga kiritilishi kerak. Ammo, unutmaslik kerakki, qovurilgan, yogʻli mahsulotlarning hazm boʻlishi ancha qiyin. Shuning uchun goʻsht mahsulotlari qaynatilgan holatda boʻlishi va umuman yengil hazm boʻladigan goʻshtli ovqatlarni isteʼmol qilishni tavsiya qilamiz. Moshxoʻrda, mastava, qaynatma shoʻrva (yogʻsiz), manpar va shunga oʻxshash yengil hazm boʻladigan taomlarni yeyish kerak.
Albatta, kabob (shashlik)dan hech kim voz kechmasa kerak, ammo bu taomni sabzavotdan qilingan salatlar bilan isteʼmol qilish va uksus moddasini kamroq ishlatish lozim.
— Bu mavsumda ovqatlanish tartibi qanday boʻlishi kerak?
— Yoz faslida ovqatlanish tartibini biroz oʻzgartirish lozim. Nonushta soat 7:00 da qilinish, unda oqsil, yogʻ va uglevodlar oddiy kunlardagidan nisbatan koʻpaytirilishi lozim Masalan: sut mahsulotlari (tvorog, qaymoq, sutli choy), meva, sabzavot, suvda pishirilgan goʻsht va shunga oʻxshash mahsulotlar isteʼmol qilinishi kerak.
Tushlikda yengil hazm boʻladigan birinchi taom, yaʼni moshxoʻrda, mastava, manpar, suvda yoki bugʻda tayyorlangan kotletlardan iborat boʻlsa yaxshi boʻlardi.
Dasturxonimizda albatta sabzavot va mevalar, ulardan tayyorlangan salatlar, bodring, pomidor, piyoz, koʻk piyoz, koʻkatlar boʻlishi kerak. Hoʻl mevalardan tayyorlangan sharbatlar tarkibida esa shakar imkon qadar umuman boʻlmasligi lozim. Yozning issiq kunlarida shoʻr baliq, dudlangan goʻsht, konserva, tuzli mahsulotlarni isteʼmol qilish umuman tavsiya etilmaydi, chunki ular chanqash holatini yana-da kuchaytiradi.
Kechki ovqatdagi taomlar ham juda yengil hazm boʻladigan suyuq ovqatlardan iborat boʻlishi kerak. Buning uchun qatiq, kefir, olma, turli sabzavotlar va shunga oʻxshash uglevodlarga boy boʻlmagan mahsulotlarni isteʼmol qilish kerak. Sevimli mahsulotlarimiz boʻlmish qovun va tarvuzni esa tushlik vaqtida isteʼmol qilinsa yaxshi boʻladi, ular uglevodlarga boy, quvvat beradi va, ayniqsa, tarvuz chanqoqni bosadi.
— Yozda asosan chanqoq qiynaydi, uni qondirish uchun qanday tavsiyalar berasiz?
— Jaziramada albatta chanqoqni bosish uchun suv ichish zarur. Uni har soatda 200 mldan ichish tavsiya etiladi. Shuningdek, qora va koʻk choy hamda oʻtli damlamalar ham juda foydali, ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib boradi. Sogʻlom insonlar uchun kunlik isteʼmol qilinadigan suvning meʼyori 3 litrgacha. Yurak qon-tomir, buyrak xastaligi bor insonlarga esa koʻp suv ichish tavsiya etilmaydi, bunday bemorlar shifokor nazorati ostida suyuq moddalarni ichishlari lozim.
Yana shunday mahsulotlar borki, ular ham chanqoqni yaxshi bosadi. Bularga bodring, selderey, qovun, tarvuz, qulupnay, apelsin kiradi. Ayniqsa, yozgi taom boʻlmish okroshka ham chanqoqni bosadi hamda kerakli mikroelement va vitaminlar bilan boydir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring