Issiq kunlarda hordiq chiqarish uchun yurtimizdagi eng mashhur beshta manzil

21:08 09 Iyun 2022 Jamiyat
985 0

Yurtimizga yoz kelib, kunlar isiy boshladi. Bunday kezlarda yurtdoshlarimiz issiq shahardan tashqarida, salqin, togʻli, bahavo maskanlarda dam olishni xohlaydilar. Shu bois yurtimizda maroqli hordiq chiqarish mumkin boʻlgan beshta ana shunday maskanlar haqida maʼlumot bermoqchimiz.

Chorvoq

Chorvoq. Bu joy “Oʻzbekiston Shveysariya”si ham deb ataladi. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi joylangan. Poytaxtdan shahridan 70 km. uzoqlikda joylashgan. Shaharcha nomi (“Chorbogʻ”) toʻrtta bogʻ maʼnosini bildiradi. Ulkan suv havzasi boʻyidagi jihozlangan plyajlar dam olish joylari, soyabonlar, milliy yogʻoch chorpoyalari u yerdan oʻzgacha taassurotlar bilan qaytishingizga kafolat beradi.

Kumushkon

Kumushkon togʻ choʻqqisidagi Hazrat ali Buva masjidi bilan mashhur. Har yili bu yerga minglab odamlar ziyorat uchun tashrif buyurishadi. Poytaxtdan 50 km. uzoqlikda joylashgan ushbu hududning toza havosi, billurdek shaffof koʻllari va daryolari sizga oʻzgacha sokinlik va zavq bagʻishlaydi.

Soʻqoq

Soʻqoqdagi qaragʻayzorlarni koʻrib, oʻzingizni xuddi Rossiya oʻrmonlariga tushib qolgandek his qilasiz. U poytaxtdan 60 km. uzoqlikda joylashgan. Soʻqoq bahordagi mador somsalariyu, mazali kaboblari bilan mashhur. Yuqorida aytib oʻtilgan sershox qaragʻayzorlar sizni shaharda yoʻq salqin havo bilan taʼminlaydi.

Oqtosh togʻlari

Agar siz tirband, issiq va diqqinafas shahardan dam olishni ixtiyor qilgan boʻlsangiz, sizga maslahat beradigan keyingi maskanimiz Oqtosh togʻlari. U yerda siz togʻning toza havosidan bahramand boʻlishingiz mumkin. Ushbu maskan ham sokin, ham faol dam olish juda ommaviy manzillardan biri. Bu yerda joylashgan dam olish maskanlari sizga oilaviy maroqli hordiq chiqarishingiz uchun ham juda qulay.

Gulkamsoy

Gulkamsoy goʻzalligi sizni birinchi koʻrishdayoq oʻziga maftun etadi. Bu yerda siz gʻayrioddiy shakldagi toshlarni, jarangdor sharsharani va qoyalarni uchratasiz. Millionlab yillar davomida daryoning togʻ yoʻli qalin toshlardan oʻtib, oʻzi uchun tor yoʻlak yaratgan. Agar siz ekstremallikni sevuvchi inson boʻlsangiz, bu joy siz uchun ayni muddao.

Nozima Gʻofurova, OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?