Isroilning navbatdagi hujumi oqibatida 19 kishi halok boʻldi
Foto: AFP
Isroil armiyasi Gʻazo shimolida joylashgan Bayt Lahiya shahridagi turar-joy binolarini yana bombardimon qilishi oqibatida 19 nafar falastinlik halok boʻldi.
Gʻazodagi Falastin fuqarolik mudofaasi maʼlumotlariga koʻra, seshanbaga oʻtar kechasi Isroil Al-Louh oilasiga tegishli bir nechta uylarga zarba bergan. Navbatdagi hujum Isroil harbiylari Bayt Lahiyadagi Abu Nasr oilasiga tegishli besh qavatli binoni bombardimon qilganidan bir kun oʻtmasdan sodir boʻldi. Yahudiy davlatining oʻsha hujumida 93 kishi halok boʻlib, oʻnlab odamlar yaralangandi. Gʻazodagi Sogʻliqni saqlash vazirligi halok boʻlganlar orasida kamida 25 nafar bola borligini maʼlum qildi.
Isroilliklar zarba haqidagi xabarlarni koʻrib chiqayotganini aytishdi, uning asosiy ittifoqchisi AQSH esa hujumni “dahshatli” deb baholagan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha idorasi portlashdan dahshatga tushganini maʼlum qildi va bu Gʻazodagi qariyb uch oy ichida sodir boʻlgan eng qonli hujumlardan biri ekaniga urgʻu qaratdi. BMTning gumanitar agentligi Abu Nasr oilasining uyiga qilingan hujum Gʻazoda oʻtgan haftaning oʻzida yettita “ommaviy qurbonlar”dan biri ekanligini taʼkidlagan
Isroilning Bayt Lahiyaga havo va quruqlik hujumi kuchayishi Gʻazo shimolidagi qamalining 26 kuniga toʻgʻri keldi.
Isroil harbiylari yil boshida Gʻazo boshqarayotgan Falastin guruhini hududda qirib tashlaganini aytgan edi. Ammo HAMAS askarlari shimolda qayta toʻplangani uchun Isroil hujum boshlagan.
Falastin fuqarolik mudofaasiga koʻra, 100 mingdan ortiq odam shimolda oziq-ovqat va suvsiz qolyapti, oʻnlab odamlar bombalangan uylar vayronalari ostida qolmoqda, Isroilning davom etayotgan qamal va hujumlari tufayli qutqaruvchilar ularga yetib bora olmayotir.
“Ikkala oʻgʻlim ham butun oilalari bilan oʻldirildi. Turmushga chiqmagan qizim ham halok boʻldi. Yana bir qizim esa besh nafar farzandi bilan halok boʻldi. Ular qanday xato qilishdi? Oʻsha begunoh insonlar nima qildiki, bunday qirgʻin qilindi?”, — deydi falastinlik ayol.
Shu yerlik shifokorga koʻra, Shimoliy Gʻazo aholisiga xizmat koʻrsatuvchi asosiy tibbiy muassasa boʻlgan Kamol Advan kasalxonasiga odamlar davolanish uchun boradi. Ammo shifoxona rahbari bemorlarni davolash uchun xodimlar yoʻqligini maʼlum qilgan. Chunki Isroil kuchlari reydda ishchilarining koʻpini hibsga olgan.
Hozircha xalqaro tashkilot va agentliklar xavotir bildirishdan nariga oʻtmayapti. Falastin rasmiylariga koʻra, Isroilning bir yillik urushi shu kunga qadar Gʻazoda kamida 43 mingdan oshiq falastinlikning umriga zomin boʻldi. Ularning aksariyati ayollar va bolalardir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring