Isroilning NATOdan talabi, Venesuelada tartibsizlik va Qora dengizda parad (+video)

18:34 30 Iyul 2024 Dunyo
795 0

Qora dengizdagi parad

Sankt-Peterburg va turli bazalarda Rossiya harbiy-dengiz kuchlari kunini nishonlash uchun dengiz paradlari oʻtkazildi. Ushbu paradlarda 200 ga yaqin harbiy kemalar va suvosti texnikalari qatnashdi.

“Newsweek” nashri esa ushbu paradlarda kamnamo boʻlgan Qora dengiz flotiga eʼtibor qaratib, atigi 2 ta kemaning paradda qatnashganini bildirdi.

“Parad translyatsiyasida Qora dengiz flotining faqat ikkita kemasi koʻrindi. Bu Ukrainaning Rossiya dengiz kuchlariga hujumlari koʻrsatib beradi. 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan beri Kiyev Qora dengiz flotini raketa va uchuvchisiz dronlardan foydalangan holda nishonga olib keladi”, deyiladi xabarda.

Ukraina dengiz kuchlari vitse-admirali Oleksiy Neyjpapaning taʼkidlashicha, Rossiya Sevastopol ustidan nazoratni yoʻqotmoqda. Bu esa jangovar kemalarning hududdan koʻchirilishiga olib keldi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi esa 2022-yil fevralidan 2024-yil iyunigacha Qora dengizda Rossiyaning 26 ta kemasi shikastlangan yoki yoʻq qilinganini maʼlum qilgandi.

Nashrning yozishicha, ushbu muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, Rossiyaning umumiy dengiz kuchi haligacha barqaror qolmoqda.

Tayvan mudofaasini kuchaytirishda davom etadi

Tayvan mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda va xorijiy davlatlardan qurol sotib olishda davom etadi. Bu fikrlarni orol maʼmuriyati rahbari Lay Sinde aytib oʻtdi.

Manbaga koʻra, Lay Sinde seshanba kuni orolning sobiq maʼmuriyati rahbari Say Invenning “orolning mudofaa qobiliyatini mustaqil ravishda mustahkamlash, shuningdek, xorijiy davlatlardan harbiy xaridlarni amalga oshirish” siyosatiga qatʼiy rioya qilishini aytgan.

Pekin Tayvanni Xitoyning ajralmas qismi, deb hisoblaydi va “yagona Xitoy” tamoyiliga amal qilish mamlakat bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatish yoki davom ettirish istagida boʻlgan boshqa davlatlar uchun zaruriy shart, deb biladi.

“Yagona Xitoy” tamoyili va Tayvan mustaqilligini tan olmaslik AQSH tomonidan Taypey bilan turli sohalarda yaqin aloqada boʻlib, orolni qurol-yarogʻ bilan taʼminlayotganiga qaramay ham kuzatilmoqda.

Tayvan atrofidagi vaziyat 2022-yil avgust oyi boshida AQSH Kongressi Vakillar palatasining oʻsha paytdagi spikeri Nensi Pelosi orolga tashrif buyurganidan keyin sezilarli darajada yomonlashdi. Orolni oʻz provinsiyalaridan biri deb bilgan Xitoy Pelosining tashrifini AQSHning Tayvan separatizmini qoʻllab-quvvatlashi sifatida qoraladi va orol atrofida keng koʻlamli harbiy mashgʻulotlar oʻtkazdi.

Xitoy markaziy hukumati va uning orol provinsiyasi oʻrtasidagi rasmiy aloqalar 1949-yilda Xitoy Kommunistik partiyasi bilan boʻlgan fuqarolar urushida magʻlubiyatga uchragan Chan Kayshi boshchiligidagi qoʻshinlar Tayvanga koʻchib oʻtganidan soʻng uzilgan. Orol va materik Xitoy oʻrtasidagi biznes va norasmiy aloqalar 1980-yillarning oxirida qayta tiklandi.

Venesuelaliklar Ugo Chaves haykalini buzib tashladi

Venesuelada prezidentlik saylovlaridan keyin ommaviy tartibsizliklar boshlandi. Karakasning markaziy hududlarida yuzlab odamlar tayoq, baʼzilari molotov kokteyli bilan qurollangan.

Namoyishchilar yuzlarini sharf bilan oʻrab olib, qurilish qoldiqlarini yoʻlning oʻrtalariga sochib yuborgan. Tartibsizliklarda 20 dan ortiq askar yaralangan, ularning ayrimlari oʻqdan jarohat olgan. Prezidentlik saylovlaridan keyingi tartibsizliklar nafaqat Venesuela poytaxti Karakasni, balki, sobiq prezident Ugo Chaves haykali joylashgan La Guayra shtatini ham qamrab olgan. Chaves haykali namoyishchilar tomonidan yiqitilgan.

Venesuela Tashqi ishlar vazirligi Argentina, Kosta-Rika, Peru, Urugvay, Chili, Dominikan Respublikasi va Panamadagi diplomatlarini chaqirib olganini maʼlum qildi. Mamlakat baʼzi davlatlar bilan parvozlarni vaqtincha toʻxtatgan. Bunga sabab ular Nikolas Maduroning qayta saylanishini tan olmagan.

Italiya Xitoyga yana yaqinlashmoqda. Nega?

Italiya Bosh vaziri Giorgia Meloni iqtisodiy aloqalarni yaxshilash uchun bosh vazir boʻlganidan beri birinchi marta Xitoyga tashrif buyurdi. U Xitoy raisi bilan uchrashar ekan, global keskinlikni boshqarishda muhim suhbatdosh ekanligini taʼkidladi.

“Xalqaro miqyosda ishonchsizlik kuchayib bormoqda va menimcha, Xitoy muqarrar ravishda ushbu dinamikani hal qilish uchun juda muhim ishtirokchidir”, degan Meloni Pekindagi uchrashuvda. Shuningdek, u ikki davlat barqarorlikni va tinchlikni qanday kafolatlash haqida birgalikda oʻylashlari kerakligini qoʻshimcha qilgan.

Meloni oʻtgan yil oxirida Pekinning “Bir kamar va bir yoʻl” loyihasini tark etgani sababli keskinlashgan aloqalarni qayta boshlashga vaʼda berdi. Xitoy rahbari oʻz navbatida Pekin va Rim oʻrtasidagi koʻp yillik, doʻstona aloqalarni olqishlagan.

Savdo munosabatlari

2019-yilda Italiya Osiyo, Afrika va Yevropani bogʻlash uchun transport hamda raqamli infratuzilmani barpo etuvchi “Bir kamar va bir yoʻl” tashabbusiga qoʻshilgan G7 davlatlari ichida yagona aʼzo edi.

2023-yilda Italiya AQSH bosimi ostida ushbu loyihaga sarmoya kiritish sxemasini toʻxtatgan boʻlsada dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bilan kuchli savdo aloqalarini oʻrnatishni xohlayotganini koʻrsatmoqda.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi savdo siyosati Xitoyning ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan rivojlanish modeli uni arzon tovarlar bilan toʻldirishi mumkinligi haqidagi xavotirlar tufayli tobora himoyaviy faoliyat yuritishga majbur boʻlib qoldi. Chunki Xitoy firmalari zaif ichki talab sharoitida eksportni kuchaytirmoqchi.

Iyul oyida Yevropa Komissiyasi Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar importiga 37,6 foizgacha bojxona bojlari joriy etishini tasdiqladi va bu Pekin bilan keskinlikni kuchaytirdi. Xitoy rasmiylari agar Bryussel oʻz fikridan qaytmasa, savdo urushi boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

“Xitoy va Italiya Ipak yoʻlining ruhini qoʻllab-quvvatlashi kerak. U orqali Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi aloqa koʻprigi yangi davrga qaytishi mumkin. Mamlakatlar bir-biriga bogʻlangan boʻlsa, ular birgalikda oldinga siljiydi. Agar ular yopilsa, orqaga chekinadilar “, degan Italiya Bosh vaziri.

Isroil Turkiyani NATOdan chiqarishga chaqirdi

Isroil va Turkiyaning qarama-qarshi bayonotlari va turli chaqiriqlaridan keyin Yahudiy davlati Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats Turkiyani NATOdan chiqarib yuborishga chaqirgan va bu bilan jiddiy shugʻullanayotgani aytilmoqda. Ammo alyans hech qanday xabar bermagan.

“Turkiya Prezidenti Erdoʻgʻonning Isroilga bostirib kirish tahdidi va uning xavfli ritorikasidan kelib chiqqan holda, tashqi ishlar vaziri Isroil Katz diplomatlarga NATOning barcha aʼzolari bilan zudlik bilan aloqaga chiqish toʻgʻrisida koʻrsatma berdi. Isroil Turkiya xatti-harakatlarini qoralashni va uni mintaqaviy alyansdan chiqarib yuborishni talab qildi”, deyiladi Isroil Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Shuningdek, Isroil tomoni Turkiyani Yaman, Livandagi guruhlarni qoʻllayotgan Eron ittifoqdoshi ekanligiga urgʻu bergan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер