Isroil Gʻazodagi maktabni bombardimon qildi, qurbonlar bor

13:21 23 Aprel 2025 Dunyo
96 0

Isroil kuchlari Gʻazo hududida joylashgan maktab sifatida foydalanilayotgan binoni bombardimon qildi. Mazkur hujum oqibatida kamida 10 kishi halok boʻlgan. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Isroil harbiylari Gʻazoni bombardimon qilishda davom etmoqda. Bugun, 23-aprel tongida Gʻazo hududidagi maktab sifatida foydalanilayotgan binoga qilingan hujum natijasida yirik yongʻin kelib chiqqan. Oqibatda 10 nafar falastinlik halok boʻlgan. Ular orasida maktab oʻquvchisi ham borligi aytilmoqda.

Bundan tashqari, Isroilning Gʻazoga hujumlari oqibatida soʻnggi 24 soat ichida kamida 32 nafar falastinlik qurbon boʻlgan. Tinimsiz portlashlar, oʻqqa tutishlar ortidan Gʻazo shahrida joylashgan asosiy tibbiy muassasalardan biri hisoblangan “El Dorra” pediatriya kasalxonasiga ham jiddiy zarar yetgan.

Avvalroq, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali vakillari Isroil hukumatining Gʻazodagi maktab va shifoxona kabi muhim fuqarolik muassasalariga qilayotgan hujumlarini qoralab, bu harakatlarni insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholagan edi.

Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad ibn Abdulrahmonning taʼkidlashicha, Doha Gʻazodagi urushni toʻxtatish hamda kelishuvga erishish maqsadida hali hamon vositachilar bilan muzokaralar oʻtkazmoqda.

Maʼlumot uchun, urush boshlangandan buyon Isroil hukumati Gʻazodagi muhim fuqarolik muassasalariga zarbalar berib kelmoqda. Mazkur hujumlar oqibatida yuzlab falastinliklar voqea joyida halok boʻlgan.

  • Jumladan, 2023-yil 16-oktyabr kuni Isroil kuchlari Gʻazo markazidagi “Al-Magʻozi” lagerida boshpana vazifasini oʻtayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlar boʻyicha agentligi maktabiga hujum uyushtirgan. Bosqin oqibatda olti kishi halok boʻlgan.
  • 2023-yil 19-dekabr kuni Gʻazo shahridan evakuatsiya qilingan mahalliy aholi vakillari joylashgan ikkita maktab binosi Isroil kuchlari tomonidan havo hujumiga uchraydi. Oqibatda 15 nafar qurbon, 30 nafardan ortiq yaradorlar aniqlangan.
  • 2024-yil 9-iyul kuni “Xon-Yunis” yaqinidagi Abassan shahrida joylashgan “Al-Avda” maktabi hududiga qilingan bosqin oqibatida 30 nafar falastinlik qurbon boʻlgan.
  • 2024-yil 4-avgust kuni Isroilning Gʻazo shahri gʻarbidagi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qarashli ikkita maktab, “Hasan Salama” va “Al-Nasr” maktablariga uyushtirgan zarbalari oqibatida kamida 30 nafar falastinlik halok boʻlgan. Oʻnlab insonlar turli darajadagi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.
  • 2024-yil 11-sentyabr kuni Isroil kuchlari “Nuseyrat” qochqinlar lageridagi “Al-Jauniy” maktabini bombardimon qilgan. Hujum oqibatida kamida 18 nafar falastinlik, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlar boʻyicha agentligining olti nafar xodimi vafot etgan.
  • 2025-yil 3-aprel kuni Gʻazo hududidagi “Tuffah” mahallasida joylashgan uchta maktab Isroil kuchlari bosqiniga uchragan. Ushbu havo hujumi oqibatida 33 nafar falastinlik qurbon boʻlgan. Mazkur maktab binolari turli qochqinlar hamda evakuatsiya qilingan mahalliy aholi vakillari uchun boshpana vazifasini oʻtayotgan boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер