Isroil Bayrutga hujum qilib, Livan — Suriya yoʻlini toʻsib qoʻydi

16:41 04 Oktyabr 2024 Dunyo
357 0

Foto: Reuters

Isroil Livan poytaxti Bayrutning janubiy chekkalariga yangi zarbalar yoʻlladi va Suriyaga qochish uchun muhim yoʻlni toʻsib qoʻydi. Bayrut janubida kuchli portlashlar sodir boʻlgan.

Shahar aholisining aytishicha, bombardimon shu qadar kuchli boʻlganki, Isroil qiruvchi samolyotlari aholi zich joylashgan chekka hududlarga, jumladan, xalqaro aeroportning perimetriga zarba berganida avtomobil signallari eshitilib, binolar larzaga kelgan.

“Hizbulloh” guruhiga yaqin manbaning “AFP” axborot agentligiga aytishicha, Isroil Bayrutga hozirgacha eng shiddatli hujumi sifatida tasvirlangan ketma-ket 11 ta reydni amalga oshirgan.

Isroil matbuotining xabar berishicha, oʻtgan hafta Isroil hujumida oʻldirilgan “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohning vorisi boʻlgan Hoshim Safiddin havo hujumlari nishoni boʻlgan.

Isroil armiyasi juma kuni “Hizbulloh”ning aloqa tarmoqlari rahbari Muhammad Rashid Sakafiyni payshanba kuni razvedka maʼlumotlariga asoslangan zarba oqali Bayrutga amalga oshirilgan hujum oqibatida yoʻq qilinganini maʼlum qildi.

Shuningdek, Isroil harbiylari Livanning Suriya bilan chegaradagi Masnaa punktiga alohida hujum qilgan. Yahudiy davlati kuchlari soʻnggi kunlarda yuz minglab odamlar Isroilning bombardimonlaridan qochish uchun foydalanayotgan ikki davlatni bogʻlaydigan yoʻlni toʻsib tashlagan.

Livan hukumati statistikasiga koʻra, soʻnggi 10 kun ichida 300 mingdan ortiq odam, asosan, suriyaliklar Isroilning tobora kuchayib borayotgan zarbalaridan qutulish uchun Livandan Suriyaga oʻtgan.

BMT qochqinlar boʻyicha oliy komissarligi qish faslining boshlanishi mojarodan jabrlanganlar uchun sharoitni yanada yomonlashtirishini aytmoqda.

Juma kuni Isroil Livanning janubiy shaharlari aholisini zudlik bilan evakuatsiya qilishni buyurdi. Bu esa uning ushbu hududga bostirib kirishi kuchayishi mumkinligidan dalolat beradi. Hozirgacha harbiylar Livan janubidagi 77 dan ortiq qishloq va shahar aholisiga uylarini tark etishni buyurgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер