Islom olamida birinchi madrasa Buxoroda barpo etilganini bilasizmi?
Foto: Xalq so‘zi
Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Qoʻqon kabi qadimiy shaharlarimizda azaldan-azaldan madrasalar ilm-maʼrifat oʻchogʻi boʻlib kelgan.
— Sharq va Gʻarb taʼlim tizimi taraqqiyoti tahlil etilsa, bir manzara koʻzga tashlanadi, — deydi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov. — Gʻarbda taʼlim markazlari sifatida universitetlar shakllangan. Sharqda bu vazifani madrasalar bajarib kelgan. Yurtimizda dastlabki oliy taʼlim beruvchi Forjak, Faqih, Ibrohim Tavgʻochxon madrasalari IX-XII asrlardayoq vujudga kelgandi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, musulmon olamida birinchi madrasa IX asrda Buxoroda barpo etilgan. Unda ilohiyot bilan bir qatorda qonunshunoslik (fiqh), mantiq, matematika (riyoziyot), geometriya (handasa), tibbiyot, tarix, joʻgʻrofiya, adabiyot, sheʼriyat (ilmi aruz), arab tili kabi qator dunyoviy fanlar oʻqitilgan.
OʻzFA Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, sharqshunos-manbashunos, Turizm va madaniy meros vazirligi ilmiy ekspert kengashi aʼzosi Komiljon Rahimovning taʼkidlashicha, Forjak nafaqat Buxoro, butun boshli mintaqamizda bunyod etilgan dastlabki madrasalardan biridir.
— U toʻgʻrisidagi ilk maʼlumot Muhammad Narshaxiyga tegishli, — deydi olim biz bilan suhbatda. — Bu madrasa taxminan IX asrda Buxoro shahrining Samarqand darvoza deb ataladigan qadimiy manzili hududida, yoʻl yoqasida qurilgan. Milodiy 937-yilda yonib vayron boʻlgan. Keyinchalik u taʼmirdan chiqarilgan. XIII asrda unda mudarris Masʼud Imomzoda dars oʻtgan. Afsuski, binosi saqlanmagan.
Bu kabi madrasalarda saboq olgan tolibi ilmlar orasidan, shubhasiz, mintaqamiz, qolaversa, dunyo ilmu fani, maʼrifatiga ulkan hissa qoʻshgan olimu fuzalolar yetishib chiqqan. Deylik, Buxorodagi eng qadimiy oliy oʻquv yurti deya hisoblangan Abu Hafs Kabir madrasasida Imom Buxoriy hazratlari taʼlim olgan. Bu madrasaga 800-810-yillar atrofida asos solingan. Ilmiy faoliyatiga hozir 1220 – 1210-yil toʻldi. Madrasa bilan bogʻliq ayrim tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Ayrimlari taʼmirlangan. Shoʻrolar inqilobiga qadar bu yerda dars oʻtilgan.
BuxDU professori, tarix fanlari doktori S. Inoyatovning taʼkidlashicha, ilmu maʼrifat etagidan tutgan hukmdorlar ota – bobolarimiz anʼanasini davom ettirishgan. Bunga Mirzo Ulugʻbek yaqqol misol boʻla oladi.
— Uning davrida madrasalarda aniq, tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlar diniy yoʻnalishdagi ilmlar bilan barobar oʻqitilgan, — deydi olim. — Mirzo Ulugʻbek nafaqat Samarqandda, balki Buxoro va Gʻijduvonda ham madrasa bunyod etib, ularni muntazam qoʻllab-quvvatlab turgan. Jumladan, 1419-yilning 28-noyabrida oʻzi 1417-yilda qurdirgan Buxorodagi madrasaga tashrif buyurib, tolibi ilmlar va ularning domlalariga sovgʻalar inʼom etgan, qizgʻin suhbatlar qurgan. Eʼtiborlisi, bu madrasaning loyihasini
Mirzo Ulugʻbekning oʻzi chizgan. Madrasa qurilishini oʻsha davrning eng mashhur ustalari Najmiddin Buxoriy va Ismoil binni Mahmud Isfaxoniylar boshqarganlar.
Madrasaga Mirzo Ulugʻbek islom dinining bosh shiori boʻlgan “Ilm oʻrganish har bir musulmon va muslimaga farzdir” degan soʻzlarni yozdirtiradi. Aytmoqchi, yogʻochga darj qilingan bu yozuv hozir Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasining Bahouddin Naqshband majmuasida joylashgan filialida saqlanmoqda.
Yana bir dalilga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Buxoroda shu kabi madrasalar orasida bino qilinganidan buyon hozirga qadar oʻquv sohasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan bir taʼlim dargohi bor. Bu Mir Arab madrasasidir. Bundan salkam besh yuz yil muqaddam barpo etilgan bu taʼlim maskanida davrimizning koʻplab allomalari, davlat arboblari saboq olishgan.
— Umuman olganda, Buxoro shahrida yuqorida tilga olinganlaridan tashqari Kalabod, Gʻaribiya, Abu Bakr ibn Fazl, Kulartegin, Xoniya, Oxund Xovand, Xoja Ilgʻor, Masʼudiya, Xoja Muhammad Porso madrasalari faoliyat koʻrsatgan, — deydi Komiljon Rahimov. — Ularning deyarli barchasida shoʻrolar davriga qadar dars oʻtilgan. Ayrimlari hozir ham saqlanib qolgan. Agar shahardan tashqarida ham yigirmaga yaqin madrasa faoliyat koʻrsatgani inobatga olinsa, Buxoroi sharifga ilmu maʼrifat maskani deya taʼrif berishgani bejiz emasligi maʼlum boʻladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring