Ishonchni oqlamagan “ishonch telefoni”

Foto: Illustrativ surat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har qanday mamlakat taraqqiyoti sogʻlom va bilimli avlodga bogʻliqligini, har tomonlama keng dunyoqarashga ega vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitni yaratish zarurligini bot-bot taʼkidlab keladi. Shu yil 15-may kuni davlat rahbari raisligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bunga yana bir bor alohida eʼtibor qaratildi.
Chindan ham, soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha sohada boʻlgani kabi taʼlim sohasini isloh qilish va uni jahon andozalari talablariga moslashtirish, yoshlarning sifatli taʼlim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tizimning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, maktabgacha va maktab taʼlimi uchun ajratiladigan mablagʻlar 7 karra oshirilib, joriy yilda 60 trln. soʻmni tashkil qildi.
Lekin farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga mablagʻlarni ayamayotgan boʻlsak-da, maktablarni taʼmirlashda ota-onalardan pul yigʻish holatlari bilan bogʻliq norozilik chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda koʻzga tashlanib turibdi. Holbuki, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maktablarda ota-onalardan pul yigʻish noqonuniy ekani, bunday holatga duch kelinsa, vazirlik “Ishonch telefoni” va boshqa manbalariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish mumkinligi haqida ogohlantirib keladi.
Xoʻsh, nega ota-onalar “Ishonch telefoni” qolib, oʻz shikoyatlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda? Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida vazirlikning 71-202-09-09 raqamli “Ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qildik. Dastlab “operator javobini kutish” uchun 20-boʻlib navbatga qoʻyildik. “Sizning qoʻngʻirogʻingiz biz uchun muhim” degan taʼkiddan soʻng yoqimli musiqa yangray boshladi. Va oʻz navbatimizni sabr-toqat bilan kuta boshladik.
...Yoqimli musiqalar orasida navbatimiz 18, 16, 13, 8-oʻrinda ekani eslatib turildi. Va... roppa-rosa 27 daqiqadan keyin “Biz bilan muloqotda boʻlganingizdan xursandmiz. Xayr, salomat boʻling” degan ovoz eshitildi va aloqa uzildi. Qariyb yarim soat musiqa tinglaganimiz qoldi... Bu kulgili, lekin aslida juda achinarli holat.
Shundan keyin vazirlikning Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning telegram kanaliga ulanib, unga maqsadni tushuntirdim. Buni qarangki, koʻp kuttirib qoʻymasdan, tegishli maʼlumotni taqdim qilishdi. “Ishonch telefoni”ga shuncha vaqtimiz bekor ketganiga achindik.
Maktab taʼmiri kimning zimmasida?
Vazirlikdan berilgan maʼlumotda keltirilishicha, taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash borasida oʻquvchi va tarbiyalanuvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli pul mablagʻlarini yigʻish taqiqlanadi va bu masala vazirlikda alohida nazoratga olingan.
Bundan tashqari, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tizim hududiy boʻlinmalari rahbarlari va masʼul xodimlari, taʼlim tashkilotlari mutasaddilari, pedagoglar oʻquvchilar yoki ularning ota-onalaridan (taʼmirlash ishlari, turli tadbirlar va bayramlar uchun) pul yigʻish holatlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha doimiy ogohlantirib kelinadi. Tizimdagi korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy-nazorat tuzilmalari tomonidan barcha maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarida doimiy profilaktika tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Maktablarda ota-onalardan har xil bahonalar bilan pul yigʻish holatlarining oldini olish boʻyicha targʻibot tadbirlari kuchaytirilgan. Taʼlim muassasalarining kirish eshiklariga korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha turli koʻrinishdagi ogohlantirish bannerlari joylashtirilgan.
Vazirlikning Axborot xizmati tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra “Ishonch telefoni”ga ota-onalardan kelib tushgan murojaatlar soni joriy yilning 1-avgustigacha 669 tani tashkil qilgan. Ushbu murojaatlar vazirlikning tegishli boʻlinmalari tomonidan nazoratga olingan hamda hududiy masʼul xodimlar tomonidan manzilli oʻrganilyapti.
Umumiy taʼlim muassasasi xarajatlarini qoplash uchun ota-onalardan pul yigʻib olish amaliyotining qonuniy yoki qonuniy emasligini muhokama qilishda shuni eʼtiborga olish kerakki, Prezidentning 2022-yil 11-maydagi “Maktabgacha va maktab taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 13-bandi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga hududdagi maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ularning infratuzilmasini yaxshilash, qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yoʻllar va boshqalar) zarur holatda saqlash boʻyicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish, oʻquv yiliga va kuz-qish mavsumiga oʻz vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish va boshqa qator zarur vazifalar yuklatilgan. Zotan, maktabni taʼmirlash uchun ota-ona emas, hokimlar masʼul.
Biroq masalaning boshqa tomoni bor. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi Nizomning 73-bandiga asosan davlat umumtaʼlim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish jismoniy va yuridik shaxslarning qonun bilan taqiqlanmagan homiylik xayriyalari hisobidan ham amalga oshiriladi.
Xoʻsh, bu nima degani?
Mazkur Nizomning VI boʻlimida maktabning moliyaviy mablagʻi Davlat byudjeti va maktabning boshqa manbalardan tashkil topuvchi oʻz mablagʻlari hisobiga shakllanishi koʻrsatilgan. Boshqa manbalar esa maktabning xoʻjalik faoliyatidan, koʻrsatilgan pullik xizmatlardan, bino va jihozlarni ijaraga berishdan olingan daromadlar, tashkilotlar, ota-onalar va boshqa fuqarolarning ixtiyoriy badallari, bank krediti va boshqa tushumlardan iborat. Maktab kam taʼminlangan oilalarning bolalariga umumiy taʼlim fondi, maktab fondi mablagʻlari hisobidan darsliklar, oʻquv-yozuv qurollari, kiyim-bosh, oyoq kiyimlari sotib olishda va tekin yoki imtiyozli ovqatlanishni tashkil etishda moddiy yordam koʻrsatadi. Bunda ota-onalar, homiylar va boshqalar maktab fondiga majburiy emas, balki ixtiyoriy ravishda moliyaviy koʻmak berishi mumkin!
Koʻpchilik ota-onalarga maʼlumki, baʼzi maktablarda sinf fondi uchun har oy falon ming soʻmdan, maktab fondi uchun esa yana alohida pul yigʻiladi. Shuningdek, sinfni taʼmirlashdan tashqari, turli bayram tadbirlarini oʻtkazish, oʻqituvchilarga sovgʻa berish va hokazo uchun ham pul yigʻish holatlari uchraydi. Xoʻsh, bunday holatda ota-onalardan pul yigʻib olinishi ixtiyoriylikka kiradimi yoki majburiylikkami? Ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklardan kelib chiqiladigan boʻlsa, bu pullarni hamma ota-onalar ham ixtiyoriy berayotgani yoʻq. Albatta, maktabga homiylik yordami koʻrsatish sharafli ish. Lekin besh qoʻl barobar emas — baʼzi oilalarning bunga qurbi yetmasligi mumkin. Ayniqsa, maktabda oʻqiydigan farzandlari koʻp boʻlsa!
Ana shunday sharoitda baʼzi taʼlim muassasalarida hali ham ota-onalardan turli yoʻllar bilan pul undirish holatlari uchrab turishi, afsuski, bor gap. Pedagog pul bermagan bolani boshqa oʻquvchilar oldida mulzam qiladi. Ota-ona farzandi boshqa tengdoshlari oldida oʻksimasligi uchun aytilgan summani qarz olib boʻlsa ham toʻlaydi.
Hozir maktablarda ota-onalardan pul yigʻishning yangi-yangi usullari shakllanib boryapti. Masalan, birinchi sinfga boradigan oʻquvchini maktabga qabul qilishda ota-ona zimmasiga ochiqdan-ochiq maktab fondi uchun pul oʻtkazish yoki boshqa xizmatlarni amalga oshirish majburiyati yuklab qoʻyiladi. Bunday imkoniyati boʻlmagan ota-onalar farzandlarini ushbu maktablarga elektron navbat orqali kiritishga urinib koʻradi, lekin bu yoʻl bilan maqsadga erishish amrimahol.
Qayerda shunday boʻlyapti, manzilini aniq koʻrsating-chi dersiz? Afsuski, bu jarayonni koʻrsatib ham, isbotlab ham boʻlmaydi! Isbotlangan taqdirda ham, farzandining maktabdagi taqdirini oʻylagan ota-ona oʻz xohishi bilan moddiy yordam berganini, buning yomon joyi yoʻqligini aytib turaveradi.
Modomiki, ota-ona ixtiyoriy ravishda maktab faoliyatiga moliyaviy koʻmak berayotgan ekan, bu jarayonning shaffofligi taʼminlanishi — mablagʻ maktab bank hisobiga oʻtkazilishi, u qayerga va qancha ishlatilgani, qancha qolganigʻ hujjatlashtirilishi lozim. Maktab rahbariyati esa homiylarga (ota-onalarga) tushgan mablagʻ qanday sarflangani haqida hisobot berishi kerak.
Maktab maʼmuriyatiga ota-onalar tomonidan naqd pul toʻlangan taqdirda tilxat orqali rasmiylashtirilishi va ikki tomonlama imzolanishi kerak. Aks holda bu mablagʻlarning qayerga ishlatilgani, qanday maqsadlarga yoʻnaltirilgani nomaʼlum boʻlib qoladi. Bu hujjatlarning nazorat qilinmasligi muassasada korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradi, jamoada muhit buziladi.
“Tashabbusli byudjet” mashmashalari
Mart oyining oʻrtalari edi. Ishdan keyin metroning “Doʻstlik” bekatidan chiqaverishda 5-6 nafar maktab yoshidagi bola “Ovoz yigʻamiz, 15 ming soʻmga ovoz yigʻamiz” deb jar solyapti. Bunga ahamiyat bermasdan oʻtib ketdik. Ertasi kuni Qoʻyliq mavzesida yana shunday holatga duch keldik. “Ovoz yigʻamiz, 20 mingga ovoz yigʻamiz”, deya tinmay qichqirardi bolalar. Ikki kundan keyin bitta ovoz 40 ming soʻmga chiqib ketdi. Tushunib yetganimiz shu boʻldiki, “Tashabbusli byudjet” boshlanibdi, yetarli ovoz olgan maktabga byudjetdan mablagʻ ajratilarmish.
Yaqinda esa ijtimoiy tarmoqlarda shu masala boʻyicha berilgan eʼlonga koʻra bunday “ovoz”ni qoʻlga kiritishni istaganlarga, “soqqa”sini toʻlaydiganlarga mingtagacha ovoz yigʻib berilarmish, “oʻrinlar cheklangan” emish. E, hayf-e! Qoʻpol boʻlsa ham aytish joizki, bu ochiqdan-ochiq chayqovchilik, koʻzboʻyamachilik, oʻqituvchining qadrini, taʼlim muassasasi obroʻsini yerga urishdan boshqa narsa emas. Aslida maktab — muqaddas dargoh. Uni taʼmirlashga mablagʻ kerak boʻlsa, u hech qanaqa ovoz berishlarsiz ajratilishi kerak.
Yana bir holat. Yaqinda nevaramni birinchi sinfga berish uchun maʼlum fanlardan chuqurlashtirilgan taʼlim beradigan maktabga bordim. Hududi juda orasta, binolarga did bilan ishlov berilgan. Oʻquv xonalari, fan kabinetlari toʻla jihozlangan, odamning havasi keladi. Bu maktabning reytingi juda baland boʻlib, bitiruvchilarning yarmidan koʻpi har yili oliy oʻquv yurtlariga yuqori ballar asosida qabul qilinayotgan ekan.
— Oʻquvchilar soni koʻpligidan bu yil yana sinf xonalarini koʻpaytiryapmiz, — dedi maktab direktori faxr bilan. — Shu atrofda beshta maktab bor. Lekin ota-onalar farzandlarini bizning maktabga bergisi keladi. Chunki bizda oʻqituvchilar oʻz ustida tinimsiz ishlaydi, oʻquvchilarga saboq berishning eng zamonaviy usullarini qoʻllaymiz. Xullas, barcha shart-sharoit oʻquvchilarimiz kelajagi uchun xizmat qilmoqda.
Maktab oʻtgan yillar ichida yetti marotaba “Tashabbusli byudjet” gʻolibi boʻlibdi. “Bunga qanday qilib erishildi?” degan savolimizga ochiqchasiga, “Ota-onalar ovoz yigʻib berishdi” degan javobni eshitdik...
Yuzaki qaraganda, risoladagiday xulosa. Ammo bu ajablanarli emasmi?
Tan olish kerakki, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi pedagoglar va ota-onalarni “Tashabbusli byudjet” doirasida ovoz yigʻishga majburlash va ulardan pul yigʻish noqonuniy ekanini taʼkidlab keladi. Agar pedagoglar shunday holatlarga duch kelsa, vazirlikka murojaat qilishlari mumkin degan takliflar ham berilgani rost gap. Soʻnggi yillarda bu borada murojaatlar soni kamaygan boʻlsa-da, koʻpchilik taʼlim muassasalari rahbarlariga koʻrilayotgan keskin choralar, ogohlantirishlar va qonuniy taqiqlar boshqalarga saboq boʻlmayapti. Bu holatda oʻqituvchilarga ham qiyin, toʻgʻrisi. Maktabimizga ovoz bering, deb yalinishga majbur. Dardini kimga aytishni bilmaydi. “Ishonch telefoni”ning “ishonchlili”gi esa hammaga maʼlum...
Nurulloh OSTONOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring