Ishonchli va zamonaviy energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi hamda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi hamkorligida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida 7-maqsad etib belgilangan “Arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy energiya manbalaridan barcha uchun umumiy foydalanish imkoniyatini taʼminlash” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda BRM sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilishiga alohida eʼtibor qaratilib, bu boʻyicha aholining xabardorlik darajasini oshirish, rivojlanish natijalariga erishishda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, mazkur maqsadlarni “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida roʻyobga chiqarish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayniqsa, jahon energetika muvozanatida qayta tiklanuvchan manbalardan olinadigan energiya ulushini koʻpaytirish, energiya samaradorligini yaxshilash, bu boradagi infratuzilmani kengaytirish va texnologiyalarni modernizatsiya qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Olib borilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda arzon, ishonchli va zamonaviy energiya taʼminotidan umumiy foydalanishga zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Shuningdek, energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha ham koʻzlangan maqsadlarga erishilyapti. Xususan, sanoat korxonalari faoliyatini tungi vaqtga oʻtkazish, tarmoqdagi yoʻqotishlarni kamaytirish, reaktiv kompensatsiya qurilmalarini oʻrnatish, koʻmirga oʻtkazish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida bugunga qadar 2,4 mlrd kVt.soat elektr energiyasi va 389 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilingan.
Kelgusida yana bir qator muhim vazifalarni belgilash ham koʻzda tutilmoqda. Jumladan, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, 2030-yilga kelib, energiya sigʻimliligini 1,5-marta kamaytirish, issiqxona gazlarining ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish, shu bilan birga, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratish belgilangan.
Davra suhbatida davlatimiz rahbari tomonidan yoqilgʻi-energetika sohasi rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu, pirovardida, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, aholi farovonligi va turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Yana bir muhim masala — qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilayotganiga urgʻu berildi. Joriy yilda bu boʻyicha bir qator muhim loyihalar roʻyobga chiqarilishi koʻzda tutilgan boʻlib, yil oxirigacha umumiy quvvati 2 817 MVt boʻlgan 8 ta loyiha boʻyicha dastlabki 1 517 MVt quvvatlar ishga tushiriladi.
Davra suhbati ishtirokchilari respublikamizda yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, energetika balansidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish hamda ushbu yoʻnalishni tartibga solish va rivojlantirish boʻyicha mavjud normativ-huquqiy baza takomillashtirilib borilayotganiga eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, sohadagi islohotlar eʼtirof etilib, yechimini kutayotgan ayrim muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflar bildirildi.
Tadbirda muhokama etilgan masala yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring