Ishlagan baraka, ishlamagan bahona topadi

12:46 08 Aprel 2024 Jamiyat
474 0

Norqul aka oz emas, koʻp emas — 35-yil turli tashkilotlarda mehnat qildi. Ammo tomorqasiga bir kirib chiqmagan kunini eslolmaydi. Nafaqa yoshiga yetgandan soʻng ham oyoq uzatib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmadi. Qaysi vaqtda bormang, uni tomorqasida uchratasiz.

Buxoro viloyati Olot tumani Boʻribek mahallasida yashovchi bu insonning dehqonchilik ortidan roʻzgʻorini but etibgina qolmay, bozorni toʻkin qilishga ham hissa qoʻshayotgani mahalladagi hokim yordamchisi Valibek Choʻlliyev eʼtiboridan chetda qolmadi. Uning koʻmagi bilan Norqul Hamroyev «Osiyo taraqqiyot banki» loyihasining «Iqlim oʻzgarishlariga moslashish» dasturi doirasida bir sotixli issiqxonaga ega boʻldi.

— Tomorqada yetishtirilayotgan sarimsoqpiyoz hamda boshqa rezavor koʻkatlarni peshma-pesh bozorga chiqaryapmiz, — deydi Norqul aka. — Issiqxonadagi pomidor ham bugun-erta pishib yetiladi. Undan kamida bir tonna hosil olishni chamalab turibmiz. Ertaki kartoshka, piyoz, bodringni ham barvaqt yetishtirib, yaxshi foyda olishga odatlanganmiz. Bu yil tomorqa oilamizga kamida 60 million soʻm daromad keltiradi.

Bir necha tup mevali daraxt hosilga kirgani, qoramol, qoʻy, echki, tovuq ham boqilayotganini koʻrib, bu xonadon mahallaning oʻziga tinch oilalaridan ekaniga ishonch hosil qilasan, kishi.

— Tomorqada ishlagan baraka, ishlamagan esa bahona topadi, — deya davom etadi suhbatdoshimiz. — Ochigʻi, turgan-bitgani xazina degulik tomorqani oʻz holiga tashlab qoʻygan yoki nomigagina makkajoʻxori ekib, uning umrini zoye ketkazayotganlarni koʻrganimda xafa boʻlib ketaman. Doʻst achitib gapiradi, deganlaridek, ularga tanbeh beraman. Axir, yerning ham uvoli bor.

Norqul aka haq. Afsuski, oramizda qishloqda yashab turib, kartoshka piyozni qoʻya turing, hatto ismalogʻu koʻkatni ham bozordan sotib olayotganlar uchraydi. Vaholanki, rezavorlar yetishtirish uchun ozgina yer boʻlsa, kifoya.

Bu haqda bejiz toʻxtalmadik. Yaqinda viloyat rahbarlari Peshku tumanidagi Oʻgʻlon, Qoraqalpoq mahallalari, Shofirkon va Romitan tumanlaridagi Iskogare, Novfach qishloqlarida ayrim xonadon egalari hali-hanuz gʻaflat uyqusidan uygʻonishmaganiga, yerimizni shoʻr bosgan, ariqda suv yoʻq, degan bahonalarni roʻkach qilib tomorqalarini qarovsiz qoldirishgani, bu oilalarning topish-tutishi ham oʻziga yarasha ekaniga guvoh boʻlishdi.

Tabiiyki, «mahalla yettiligi» nahotki bu holdan bexabar, degan savol oʻrtaga qalqib chiqdi. Axir, odamlarni kambagʻallikdan xalos etishning bir yoʻli tomorqadan unumli foydalanish ekanini ular yurak-yurakdan his etishlari kerak emasmi?!

Ilgʻor tomorqachilar tajribasini ommalashtirish kimning zimmasida? Ayrim boqibegʻam, yalqov kishilarni kim hushyor torttiradi? Tuman hamda tegishli mahallalar masʼullari shu kabi haqli eʼtirozlar oldida yer chizib qolishdi.

Roʻy-rost tanqid oldida uyatdan yer yorilsa kirgudek holga tushgan tomorqa egalari zanglab qolayozgan ketmonni qoʻlga oldilar. Ekin-tikin ishlariga kirishdilar.

Qiziq, tomorqani chinakamiga rizq-roʻz manbaiga aylantirish uchun kimningdir tanbeh yoki topshiriq berishini kutish shartmidi?!

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер