Iqtisodiyotni rivojlantirishning zamonaviy modeli

15:24 16 Yanvar 2026 Jamiyat
252 0

Poytaxtimizdagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazida boʻlib oʻtgan navbatdagi matbuot anjumanida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining iqtisodiyotni rivojlantirishning zamonaviy modelini shakllantirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va bank tizimida islohotlarni jadallashtirish yoʻnalishidagi ustuvor vazifalarni takomillashtirish masalasi muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning taʼkidlashicha, strategiyaning yangilanishi mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlib, bu jarayonda fuqarolarning faol ishtirok etishi belgilanayotgan maqsadlarni yanada xalqchil va hayotiy boʻlishini taʼminlaydi.

Darhaqiqat, yangilanayotgan strategiyaning bosh maqsadlaridan biri — 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravarga oshirish va Oʻzbekistonni daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga olib chiqishdir. Bunga erishish uchun yalpi ichki mahsulotni 240 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga daromadni 5 ming dollardan oshirish va davlat qarzini YAIMga nisbatan 50 foizdan yuqori chiqarmaslik kabi muhim vazifalar belgilab olinmoqda. Bu raqamlar ortida barqaror iqtisodiy oʻsish, minglab yangi ish oʻrinlari yaratish, odamlarning turmush darajasi yaxshilash kabi hayotiy masalalar turibdi, albatta.

— “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining yangilanishida investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirish, qimmatli qogʻozlar bozorini jadal rivojlantirish ham koʻzda tutilgan, — deydi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Abdulla Hoshimov. — Ustuvor rejaga koʻra, asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar yillik oʻrtacha 5-7 foiz oʻsib, xorijiy investitsiyalar hajmi esa har yili oʻrtacha 7 foiz oshiriladi. Eng ahamiyatlisi, umumiy qiymati 150 milliard dollar boʻlgan 400 dan ziyod strategik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Iqtisodiy islohotlar mustahkam moliya-bank tizimisiz kutilgan samara bermasligi aniq. Shu nuqtayi nazardan, 2030-yilga borib inflyatsiyani 5-6 foiz darajasida barqarorlashtirish, kreditlash hajmini 720 trillion soʻmga yetkazish, depozitlar hajmini 560 trillion soʻmga oshirish va davlat banklari ulushini 55 foizgacha kamaytirish vazifalari belgilangan. Bularni barchasi mamlakatimiz taraqqiyotini yanada jadallashtirishi, iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirishi, shubhasiz.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?