Iqlimga mos bogʻlar, barqaror hosil eksport garovi
Oʻzbek xonadonlarida hovli yashash manzili boʻlibgina qolmay mehnat, baraka va rizq oʻchogʻi boʻlib kelgan. Hovlida ekilgan tut, oʻrik yoki tok nafaqat oila ehtiyojini qondirgan, balki qoʻshni hamda qarindoshlarga ulashish, mehnatga hurmat, tabiatga yaqinlik kabi milliy qadriyatlarni shakllantirgan. Bugun esa ana shu anʼanaviy bogʻdorchilik zamonaviy ilm, innovatsiya va bozor talablari bilan uygʻunlashib, butun mamlakat iqtisodiyotiga xizmat qilayotgan strategik sohaga aylanmoqda. Zamon tezlashdi, iqlim oʻzgarmoqda, bozorlar raqobatli boʻlib bormoqda. Shu sharoitda Oʻzbekiston bogʻdorchiligi yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida tashkil etilganiga salkam bir yil boʻlayotgan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi oʻz faoliyatining ilk davrlaridanoq sohada ilmiy yondashuv va innovatsion gʻoyalarni tizimli ravishda joriy etishga kirishdi. Intensiv bogʻdorchilik, zamonaviy payvandtaglar, seleksiya yutuqlari, yer unumdorligini oshirish va iqlimga mos navlarni joylashtirish kabi masalalar agentlik faoliyati markazida turibdi. Bu yondashuv natijasida sohada nafaqat hosildorlik, balki iqtisodiy samaradorlik ham sezilarli oshmoqda.

Shu maʼnoda “Bogʻdorchilikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar” mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida agentlik rahbariyati, OAV va blogerlar ishtirokida ana shu jarayonlar ochiq muhokama qilindi. Anjumanda taʼkidlanganidek, yil boshidayoq mamlakatda sifatli meva mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, qir-adir, togʻ oldi, lalmi yerlar hamda samarasiz bogʻ va tokzorlar oʻrnida sanoatlashgan intensiv bogʻlar barpo etish boʻyicha aniq rejalar belgilab olingan edi. Ana shu rejalar bugun natija bera boshladi.
Tadbirda soʻz olgan agentlik direktorining maslahatchisi, agronom Mansur Yoʻldoshev oxirgi oʻn yillikda Oʻzbekiston bogʻdorchiligi iqlim masalasida katta saboq olganini taʼkidladi:
— “Biz yillar davomida meva turlarini va navlarni joylashtirishda xatolarga yoʻl qoʻydik. Danakli mevalar — oʻrik, shaftoli, gilos kabi ekinlar iqlim jihatidan erta pishishi va eksportda qimmat baholanishi bilan katta ustunlikka ega. Ammo ularni qishi sovuq yoki erta bahorda sovuq urib ketadigan hududlarga ekish katta yoʻqotishlarga olib keldi. Endi esa ilm va xalqaro tajriba asosida aniq ixtisoslashuv siyosati yuritilmoqda. Bu meva turlari asosan Fargʻona vodiysi va Surxondaryo kabi iqlimi mos hududlarga joylashtirilyapti. Kelgusida xatolarni keskin kamaytiradi”.

Bu fikr iqtisodiy jihatdan ham muhim. Chunki toʻgʻri joylashtirilgan bogʻ —barqaror hosil va yuqori eksport daromadi demakdir. Iqlimga mos ixtisoslashuv mahsulot tannarxini pasaytiradi, raqobatbardoshlikni oshiradi.
Shu yil uchun jami 29,2 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan boʻlib, bahor mavsumida 17,3 ming gektar, kuzda esa 11,9 ming gektarni tashkil etishi koʻzda tutilgan edi. Amalda esa joriy yil bahorida 19,2 ming gektar maydonda bogʻ va tokzorlar barpo etildi. Bu bahorgi rejaning 111 foiz bajarilganini anglatadi. Ushbu maydonlarning 14,2 ming gektari bogʻ, 5 ming gektari tokzor boʻlib, katta qismi togʻ oldi, qir-adir va avval samarasiz hisoblangan yerlarda joylashtirildi.
— “Kuz mavsumida ham surʼatni pasaytirmadik. Joriy yil kuzida 11,7 ming gektardan ortiq maydonda yangi bogʻ va tokzorlar yaratishga kirishildi, — agentlik direktorining oʻrinbosari Xayrulla Soliyev. — Buning 4,5 ming gektari togʻ oldi va qir-adir hududlarda, 7,2 ming gektari esa samarasiz bogʻ va tokzorlar oʻrnida tashkil etiladi. Bu esa yer resurslaridan oqilona foydalanishning yorqin namunasi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan, mana shunday yondashuv ikki tomonlama foyda beradi. Birinchidan, avval unumsiz boʻlgan yerlar iqtisodiy aylanmaga kiritiladi, ikkinchidan, yangi bogʻlar orqali ish oʻrinlari yaratiladi hamda mahalliy aholining daromadi oshadi”.

Yanvar–sentyabr oylarida respublika boʻyicha qiymati 1,5 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan 1 million 600 ming tonna meva mahsulotlari dunyoning 70 dan ortiq mamlakatiga eksport qilindi. Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston bogʻdorchiligining xalqaro bozordagi oʻrni mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Yangi barpo etilgan bogʻlar 2–3-yilda hosilga kirishini hisobga olganda, yaqin 3–5-yil ichida eksport hajmini kamida 30 foizga oshirish imkoniyati mavjud.
Bugun Oʻzbekiston oʻrik yetishtirish boʻyicha dunyoda Turkiyadan keyin ikkinchi, oʻrik eksportida esa Italiyadan keyin ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Gilos, uzum va shaftoli eksporti boʻyicha ham mamlakat yetakchi davlatlar safidan joy olgan. Natijalar tasodifiy emas — ular davlatimiz tomonidan yaratilgan imtiyozlar, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va ilgʻor tashabbuslar samarasidir.
Bogʻdorchilik Oʻzbekiston uchun faqat qishloq xoʻjaligi tarmogʻi emas, balki milliy anʼana, ijtimoiy barqarorlik va eksport salohiyatini belgilab beruvchi muhim iqtisodiy omildir. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan olib borilayotgan ilmiy asoslangan, innovatsiyaga tayanadigan faoliyat sohani yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ilm, iqlim va bozor talablarining uygʻunligi orqali Oʻzbekiston yaqin yillarda jahon meva bozorida yanada mustahkam oʻrin egallashi shubhasiz.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring