“Ipak va ziravorlar” festivalining asosiy tadbirlari boʻlib oʻtmoqda

13:38 29 May 2021 Welcome to uzbekistan
9814 0

Avval xabar qilganimizdek, qadimiy Buxoro anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivaliga mezbonlik qilmoqda. Bugun yaʼni 29-may kuni tadbirning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.Odatga koʻra,”Moʻjizalar karvoni” deb nomlangan tantanali yurish koʻhna Ark qoʻrgʻonidan boshlanib, soʻlim Labihovuzga qadar davom etdi. Bu yerdagi tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Hindiston, Singapur kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari qatnashdi. Unda soʻz olganlar ushmu anjumanning xalq amaliy sanʼati va turizmni rivojlantirishdagi ahamiyati, milliy urf-odat, qadriyatlar va anʼanalarni asrab-avaylash borasida tutgan oʻrni xususida toʻxtaldilar.

Shundan soʻng festival dasturi doirasidagi asosiy tadbirlar boshlandi. Ipak matolar hamda ziravorlar koʻrgazmasi, osh sayli, milliy oʻyinlar namoyishi, milliy raqs boʻyicha tanlov shular jumlasidan.Festival qatnashchilari safida xorijiy hunarmandlar ham bor.

— Afgʻonistonning Mozori sharif shahridanmiz, — deydi oʻzini Muhman Omoyun Xon, deya tanishtirgan hunarmand. — Men zargarlik bilan shugʻullanaman. Buxorodagi ushbu festivalga oʻninchi marta kelishim. Shu boisdan odamlari mehmonnnavoz bu shahar menga qadrdon boʻlib qolgan.

— Biz esa Buxorodagi bu nufuzli festivalga oilaviy tashrif buyurdik, — deydi Yangi Zelandiya fuqarosi Vina Yak Nagaraj. — Turmush oʻrtogʻim Ana Nagaraj asli angliyalik.Shahringizga uchinchi bor boʻlishimiz.”Ipak va ziravorlar” festivalini tomosha qilgani atayin keldik. Buxoroni juda yaxshi koʻramiz.

Kutilganidek, ipak matolar, liboslar va ziravorlar koʻrgazmasi odamlar bilan gavjum boʻlmoqda. Bu tabiiy holdir. Chunki insoniyat hamisha ekologik toza kiyim-kechakka, oziq-ovqatga ehtiyoj sezadi. Shu nuqtayi nazardan ipakni qayta ishlash asnosida ishlab chiqarilgan rang-barang matolarning, tabiiy oʻsimliklardan tayyorlangan shifobaxsh ziravorlarning bozori chaqqon.Festivalda ming nafardan ziyod mahalliy va xorijiy hunarmandlar qatnashmoqda.

Festival dasturidan bir qator koʻngilochar tadbirlar ham oʻrin olgan.

“Ipak va ziravorlar” anjumani ertaga ham davom etadi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер