Ipak matolarning yal-yal tovlanishi va ming yillar qaʼridan kelayotgan xushboʻy ifor

14:32 16 Iyun 2023 Jamiyat
718 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu kunlarda Buxoro shahrida anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” festivali boʻlib oʻtmoqda.

Qadimiy shaharning oʻziga xos brendiga aylangan ushbu tadbir bois necha ming yillik tarixga ega qadimiy koʻchalar, karvonsaroylar, savdo majmualari bayramona qiyofa kasb etdi. Shahar uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar bilan yanada gavjumlashdi.

Turnaqator tizilgan rastalarda hunarmandlarning qoʻli-qoʻliga tegmayapti. Ipak matolarning jilvasi koʻzlarni qamashtirmoqda. Ziravorlarning boʻyi ming yillar qaʼridan kelayotgandek taassurot uygʻotmoqda.

— Ushbu festival biz uchun avvalo bozor vazifasini oʻtaydi,— deydi margʻilonlik hunarmand Hamdam Abdurahimov.— Unda qatnashib kam boʻlayotganimiz yoʻq. Adrasu baxmallarimizga xaridor koʻp. Mahsulotlarimiz sifatliligi bilan ajralib turadi. Birgina adrasni tayyor holga keltirgunga qadar 15 ta jarayonni bajaramiz. Birvarakayiga 450 metrgacha mato toʻqiymiz. Mana bu mato olov baxmal deb ataladi. Bunaqasi faqat bizda chiqadi, desam aslo mubolagʻasi yoʻq. Ota-bobolarimiz tili bilan aytganda, adrasu baxmal toʻqish borasida Margʻilonga duo pir ketgan.

“Ipak va ziravorlar” festivali xorijiy hunarmandlarda ham katta qiziqish uygʻotib kelmoqda. Afgʻonistonlik Basir Ahmad Shahizoda ham biz bilan suhbatda oʻz hayrat va hayajonini yashira olmadi.

— Buxorodagi ushbu festivalga sakkiz yildan buyon ishtirok etib kelyapman,— deydi u. —Har kelganimda bu yerdagi tinchlik, osoyishtalik, xotirjamlikni koʻrib butun vujudim orom oladi. Afgʻonistonning Foryob viloyati Anaxuy tumanida yashayman. U yerdagi tabiiy iqlim Buxoronikiga oʻxshash. Shu boisdan Buxoroda oʻzimni xuddi uyimdagidek his etaman. Biz qoʻy junidan gilam toʻqiymiz. Gilamlarimiz zamon talablariga javob beradi. Masalan, rangi choʻbi deb ataladigan gilamimizning rangi chiqmaydi, unga hasharot ziyon yetkaza olmaydi. Tamoman tabiiy mahsulotdan tayyorlangan.

Tojikiston Respublikasi vakili Farruh Qurbonmamadov xalq amaliy sanʼati sohasi menejeri sanaladi. U festivalga qoʻl mehnati mahsuli boʻlgan oʻndan ziyod turdagi mahsulotlarni olib kelgan.

— Bu anjumanda ilk bor ishtirok etyapman, —deydi u.— Bir dunyo taassurot oldim. Xalq amaliy sanʼati ustalari asarlarini kuzata turib, oʻzbek va tojik hunarmandchiligidagi uygʻun jihatlarni koʻrdim. Shunday nufuzli tadbirda qatnashayotganimdan xursandman.

Aytish oʻrinliki, har safargidek, festival dasturidan rang-barang tadbirlar joy olgan. Qadimiy shahardagi ustaxonalarda zardoʻzlik, gilamdoʻzlik, kashtachilik, kandakorlik, miniatyura sanʼati yoʻnalishlarida tajribali xalq amaliy sanʼati ustalari tomonidan mahorat saboqlari oʻtkazilmoqda. Ipak va milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda ziravorlar koʻrgazma savdosi tashkil etilgan. Folklor jamoalarining chiqishlari festivalga bayramona ruh bagʻishlamoqda.

Festival odatdagidek, koʻhna Ark qoʻrgʻonidan Labihovuz majmuasiga qadar boʻlgan masofada qatnashchilarning tantanali yurishlari bilan boshlandi. Yoshlar, xalq amaliy sanʼati ustalari, folklor dastalari, badiiy havaskorlik jamoalaridan tarkib topgan yurish qatnashchilari allaqachon qadriyat darajasiga koʻtarilib ulgurgan elimizga xos mehmondoʻstlik, bagʻrikenglik, tinchliksevarlik, mehnatsevarlik fazilatlarini kuy-qoʻshiqlarda, badiiy chiqishlarda, xalq qahramonlari obrazlarida ifoda etdilar.

Tadbirda soʻz olgan masʼullar yurtimizda xalq amaliy sanʼati ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida toʻxtalishdi.

Uch kun davom etadigan tadbirlar doirasida shuningdek, tasviriy va amaliy sanʼat galereyasi, davra suhbati, mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirokida maxsus modalar namoyishi oʻtkaziladi. Festival 18-iyun oqshomida koʻhna Shahriston maydonida tashkil etiladigan gala konsert bilan yakunlanadi.

                                                                        Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер