Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining huquqiy asoslari yanada takomillashtirilmoqda

11:30 23 Yanvar 2025 Siyosat
123 0

Foto: Akmal Muhammadov, Yunus Boʻriyev /“Xalq soʻzi”

Senatning uchinchi yalpi majlisida “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur Qonun investitsiya faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunda mamlakatimizda qulay investitsiyalar muhitini yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy investor hamda tadbirkorlarning huquqlarini kafolatlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, aholining sog‘lig‘ini saqlash, sifatli ta’lim, tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishini ta’minlash, qayta ishlash va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek inson huquqlari himoya qilinishini ta’minlash ham ushbu Qonunning maqsadlaridan hisoblanadi.

Bundan tashqari, investisiyalar va investitsiya faoliyatiga oid asosiy tushunchalar, prinsiplar va maqsadlar belgilanmoqda. Xususan, investitsiyalash erkinligi, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, biznesni boshqarish erkinligi hamda mablag‘larni erkin tasarruf etishga doir kafolatlar belgilanmoqda.

Qonun bilan investitsiya hajmiga ko‘ra kichik, o‘rta, yirik, strategik investitsiya loyihalariga imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirilmoqda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada ustav fondining chet el investitsiyalarini tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi miqdor 15 foizdan 10 foizga tushirilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi mahalliy va xorijiy investorlarga «yagona darcha» tizimi orqali vakolatli davlat organiga investitsiya takliflari bilan murojaat qilish imkoniyatlarini yaratishga, shuningdek, ularga nisbatan adolatli va teng huquqli tarzda munosabatda bo‘lishga, ularning kafolatlari, huquq va majburiyatlarini davlat tomonidan munosib qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov, Yunus Boʻriyev /“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер