Intiluvchan yigit qay tariqa niyatiga yetdi?
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkentdagi kasb-hunar kollejini tugatgan Abdurahmon Ahmedov zarurat yuzasidan savdo doʻkonlariga kirar ekan, peshtaxtalar xorijiy mahsulotlar bilan toʻlaligini koʻrib, oʻz-oʻziga “Nahotki, bolalar oʻyinchoqlari, qoʻyingki, oddiy paypoqni ham oʻzimizda ishlab chiqarish imkoni boʻlmasa?” deya savol berardi.
Unda shu tariqa qishloqda paypoq ishlab chiqaradigan chogʻroq korxona ochish niyati tugʻildi. Maqsad-ku yaxshi. Ammo uni roʻyobga chiqarish anoyi ish emas. Aniq reja, sarmoya kerak. Biznesga pul tikish uchun choʻntak baquvvat boʻlishi zarur. Abdurahmon ancha vaqt ana shunday oʻylar girdobida yurdi. Nihoyat, oʻzi istiqomat qilayotgan “Xalach” mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisiga uchrashdi.
— Oʻzaro maslahatlashgach, hokim yordamchisining yoʻl-yoʻrigʻi bilan ishga kirishdim, — deydi A. Ahmedov. — Puxta biznes-reja tuzdim. Moliyaviy muassasalar u bilan tanishib, qoʻllab-quvvatlaydigan boʻlishdi. Hokim yordamchisi tavsiyasi asosida “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki hamda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturlari doirasida jami 194 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit oldim.
Intiluvchan yigit bu mablagʻ hisobidan paypoq ishlab chiqaruvchi 22 ta uskuna xarid qildi. Mahalladagi ishsiz 12 fuqaroning bandligini taʼminladi. Muhimi, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardoshligi bois qisqa muddat ichida oʻz bozorini topdi. “Endi navbat – eksportga” deyishmoqda ayollarbop ish oʻrinlari yaratilganidan xursand xalachliklar. Aytmoqchi, korxonada yaqinda ichki kiyimlar ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring