Internet bilan mushuk-sichqon oʻyini: "Landi, landi oʻyin boshlandi"

14:35 07 Oktyabr 2020 Jamiyat
2778 0

Ovulda yashaydiganlarni “qishloqi”, deb kalaka qiladiganlar bekor aytibdi. Ularni internetni bilmaslik, kompyuterda yozolmaslikda ayblaydiganlar ham gʻirt chalasavod. Qishloqdagilar moboda telefonda baqirib gapirsa, bu "ovulbayskiy“lik emas, aslo. Bu majburiyat. Chunki, ”svyaz" balosi boshga tushgandan keyin odam har narsani qilishga qodir boʻladi. Yoki yolgʻonmi?!

Yozgi taʼtilga chiqib, tumanga borgandim. Ovulga kirishdan “Beeline” sim kartasi "Tolko ekstrennыy vыzov"ga oʻtdi, “Ucell”im zinaga oʻxshab, “antennasi” raqsga tushdi. Endi internetni-ku aytmay, men oʻlay. “Ye” belgisi “chiqaymi, chiqmaymi”, deya tannoz xonimlarday oʻylanib uzoq turadi. Birovga “Telegram”dan yozgan xabarim “aloqa” izlab, telefonimni tepaga koʻtaravergach arang 2 soatda ketdi. Oʻshanda qoʻshni yigit uyi tomiga chiqib, “antenna” tutish uchun zinaga koʻtarilishimni maslahat berib, jonimga ora kirgandi.

Ikki kun internet bilan mushuk, sichqon oʻynab, asablarimni yeb tugatganim rost. Menga na telefon qilib, na internetdan bogʻlana olmayotganlar "nima sivilizatsiyadan uzilib qoldingmi?", deya toʻngʻillaydi. Ularga dardimni aytsam men yolgʻonchi, ular haq; “Qoʻysang-chi, aloqa yoʻq deysanmi, oʻzi qaysi davrda yashaysan”, deydi menga. Shu oʻrinda bechora sodda xalqni aldab, puli va megabaytini ayamay shilayotgan aloqa kompaniyalariga eʼtirozim joʻshib ketadi. Nega shahardagi aloqa ayrim qishloqlarda yoʻq, bu ovulning qayeri kam poytaxtdan, deyman oʻzimga-oʻzim. Axir Qoraqalpogʻistonning deyarli koʻpchilik xalqi shu qishloqda yashaydigani haqiqat, bu haqiqat qayerda qoldi, deyman yana oʻzimga. Sodda, odmi, boriga koʻnib yuraveradigan ovul xalqining bor aybi tabiatidanmi yoki xulqimi!? Aloqa kompaniyalarining telekanallarda berayotgan "tezkor internet va gegabaytlar" reklamasi bu yerliklar uchun bugun choʻpchak.

Ogʻamga qoʻngʻiroq qilsam, nuqul ovozini baland gapiradi. Jahlim chiqardi, telefondan ham tuzuk gaplashib bilmaydi bu kishi, deb. Endi oʻsha jahlimga oʻzimning jahlim chiqyapti. Aloqa yaxshi boʻlmagach, u qoqindiq eshitsin deb qattiq gapirgandagi kuni ekan oʻshanda!

Bundan bir yil avval internet tezligining kuchaygani haqida rosa shuv-shuv koʻtardik. "Urra, urra", deb qarsak chaldik ham. Fahmlashimcha, oʻshanda hammadan ham koʻproq quvongan shu qishloqdagilar boʻldi. 9-sinf oʻquvchisi oʻrtoqlariga bu gapni eshitib, “yuvib” berganini ham eshitib rosa kulgandim. Endi bilsam, bu kuladigan gap emas ekan. Men yanglishmabman, chunki u bola internet orqali ovuliga kelayotgan bilim, ilm va yangiliklardan xursand boʻlgan ekan shunda.

Yana jiddiy savol: Uzoq tuman va ovullarga borgan aloqa kompaniyalarining internet simlariga nima boʻlgan oʻzi?! Shu savolga kimdir aniq javob topsa, albatta bu yoqlarda hech kim tomga chiqib, "svyaz" ushlamaydi, internet bilan mushuk, sichqon oʻynamaydigan boʻladi.

Bu oxirgi gapim emas, soʻnggi gap ayrim qishloqlarda aloqa yaxshilanganda aytiladi. Ungacha sukut saqlab, kutiladi. Uch nuqta...

Qumar Begniyazova
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?