Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilmoqda
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Maʼlumki, keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalarini joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatini va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning qoʻshimcha qiymat bilan realizatsiya qilinishini taʼminlash maqsadida intellektual mulkni ishonchli tarzda huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini taʼminlash, jamiyatda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish hamda fuqarolarning oʻz huquqlarini himoya qilishdan manfaatdorligini taʼminlovchi huquqiy mexanizmlarni qonunchilikda mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, intellektual mulkning taʼsirchan huquqiy mexanizmlar bilan himoya qilinishini taʼminlash ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish uchun qonunchilikni takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Ushbu hujjat bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga koʻra huquqbuzar tomonidan tovon toʻlash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, patent egasi oʻzining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishi mumkin. Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.
Taʼkidlangandek, Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasining sifatini oshirishga, shuningdek huquqbuzarliklar sonining kamayishiga hamda intellektual mulkning himoya qilinishini kuchaytirishga va raqamli muhitda ijodiy faoliyatga boʻlgan huquqlarni himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlari tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.



Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring