Inson resurslarini boshqarishga oid maʼlumotlarni maxsus platformada shakllantirish tartibi belgilandi

16:50 23 Sentyabr 2023 Hujjatlar
2043 0

Иллюстратив фото

Hukumat qarori (492-son, 22.09.2023-y.) bilan Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarishga oid maʼlumotlar va hujjatlarni hrm.argos.uz elektron platformasida shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilindi.

Nizomga koʻra, davlat organlarining ishga qabul qilish natijalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish, tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va ularga ishlov berish, xodimlar faoliyatining samaradorligini avtomatik tarzda baholash, kadrlar boʻyicha maʼlumotlarning elektron arxivini yuritish, rahbar kadrlar uchun belgilangan zaxiralarni shakllantirish hamda inson resurslarini boshqarishga oid boshqa faoliyati elektron platformada amalga oshiriladi.

Inson resurslarini boshqarishga oid maʼlumotlar va hujjatlarni shakllantirish va yuritish uchun yuridik shaxs maqomidagi davlat organlari elektron platformadan foydalanuvchi hisoblanadi.

Barcha foydalanuvchilar elektron platformada shaxsiy ERI kaliti orqali roʻyxatdan oʻtadi, bunda:

— davlat organi rahbari shaxsiy ERI kaliti yordamida davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmasi masʼul xodimini belgilab, unga elektron platformadan foydalanish imkoniyatini beradi;

— inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmasi xodimi shaxsiy ERI kaliti yordamida elektron platformada maʼlumotlar va hujjatlarni shakllantiradi hamda yuritadi.

Elektron platformada davlat organi tuzilmasini uning shtat jadvaliga muvofiq boʻlinmalar va ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlarni kiritish orqali shakllantiriladi. Bunda har bir lavozim alohida yaratiladi.

Elektron platformada davlat organlarining ichki idoraviy hujjatlari (buyruq, qaror va farmoyish) ERI bilan tasdiqlangan holda faqat elektron platformada shakllantiriladi va qabul qilinadi.

Elektron platforma orqali qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar ijroga qaratish uchun edo.ijro.uz axborot tizimiga avtomatik tarzda yuboriladi.

Davlat organlarining vakant lavozimlarini eʼlon qilishdan tortib, tanlov oʻtkazish va ishga qabul qilish natijalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha boʻlgan jarayonlar elektron platforma va vacancy.argos.uz axborot tizimining oʻzaro integratsiyalashuvi asosida amalga oshiriladi.

Davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalari tomonidan elektron platformaga kiritilgan:

➖ davlat organi tuzilmasi, xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari va ularga qoʻshimcha bitimlar, mehnat shartnomalarining bekor qilinishi hamda vakant ish oʻrinlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “YAMMT IDAK” elektron tizimiga;

➖ xodimlarga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar “UzASBO” dasturiy majmuasiga avtomatik tarzda yuboriladi.

Davlat organlarining belgilangan rahbarlik lavozimlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish jarayoni elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning shaxsiy maʼlumotlari elektron platforma va zaxira.argos.uz platformasining oʻzaro integratsiyalashuvi asosida yuritiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер