«InnoWeek.Uz-2024» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi boshlanmoqda
Foto: Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»
13 noyabr kuni AOKAda «InnoWeek.Uz-2024» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Innovasion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev hamda Agentlik mas’ullari, jurnalistlar, OAV vakillari qatnashdilar.
2024 yilning 14-16 noyabr kunlari Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan «Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar» shiori ostida Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi «InnoWeek.Uz-2024» o‘tkaziladi.
Xorijiy ilmiy-innovasion markazlar, investisiya jamg‘armalari, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlar ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan mazkur tadbir mavjud innovatsion texnologiyalar bilan tanishish barobarida sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir. Qolaversa, haftalik xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mutlaqo yangi innovasion rivojlanish bosqichida ustuvor vazifalar to‘g‘risida fikr almashish uchun muhim maydon sanaladi.
Haftalik Davlatimiz rahbarining 2018 yil 27 apreldagi «Innovasion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi
PQ-3682-son Qaroriga asosan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Ta’kidlash o‘rinliki, «InnoWeek.Uz» 2018 yilda o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida rivojlanib, Markaziy Osiyoda ilg‘or innovatsiyalarni namoyish qilish va global hamkorlikni rivojlantirish uchun eng yirik va noyob platformaga aylandi.
Bu yil haftalikda Xitoy, Malayziya, Tailand, Hindiston, Eron, Turkiya, Germaniya, Koreya, Ispaniya, Qozog‘iston, Rossiya va Qirg‘iziston kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 150 nafardan ortiq vakillar va elchilar ishtirok etadilar. Haftalikka Eron Islom Respublikasi fan, texnologiyalar va innovatsion iqtisodiyot bo‘yicha vise- prezidenti o‘rinbosari Turaj Amrae boshchiligida 15 dan ortiq kompaniya, Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Viparat Deong boshchiligida 15 dan ortiq oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi vakillari va Rossiya Federatsiyasining 20 kishilik delegatsiya vakillari hamda boshqa davlatlarning oliy martabali mehmonlari tashrif buyuradilar.
Haftalikning rasmiy ochilish marosimi 14 noyabr kuni soat 10:00da «O‘zekspomarkaz» konferensiyalar zalida bo‘lib o‘tadi. Unda hukumat a’zolari, Agentlik, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, ilm-fan doira vakillari, professor-olimlar, innovasion g‘oya yetakchilari hamda yosh ixtirochi-olimlar ishtirok etadilar. Haftalik doirasida tashkil etiladigan xalqaro innovasion mahsulotlar ko‘rgazmasida 512 ta mahalliy, 34 ta xorijiy tashkilotlar tomonidan «Tijoratlashtirish», «Startap» va «Ilmiy tadqiqot» loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilgan innovatsion mahsulot namoyish etiladi.
Ishtirokchilarning ilm-fan sohasiga oid bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish hamda tajriba almashishlari uchun qulay muhit yaratish maqsadida 22 ta xalqaro forum, konferensiya va seminar, 2 ta mahalliy tadbir haftalik dasturidan o‘rin olgan.
«InnoWeek.Uz-2024» doirasida ilk marotaba ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xorijdagi vatandoshlar bilan onlayn davra suhbati uyushtiriladi. Unda nufuzli xorijiy universitetlarda faoliyat yuritayotgan o‘zbek olimlari, muvaffaqiyatli startaperlar, xorijda ilmiy izlanish olib borayotgan yosh tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va magistrlar ishtirok etadilar. Tadbir doirasida chet elda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan ilmiy, texnologik va biznes aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar va yosh tadqiqotchilar uchun stajirovka dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tadqiqot guruhlarini tashkil qilish va universitetlar hamda ilmiy markazlar bazasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilinadi.
«InnoWeek.Uz-2024» doirasida o‘tkaziladigan 120 dan ortiq B2B uchrashuvlarda 10 dan ortiq davlatlardan 50 ga yaqin kompaniya vakillari bilan investitsion va grant shartnomalarini imzolash kutilyapti.
Shuningdek, haftalikda iqtidorli va muhandis yoshlar uchun alohida pavilon tashkil etilib, unda robototexnika, dron reysing, xakaton, art injiniring, VR/AR, 3D modellashtirish, dasturlash kabi yo‘nalishlardagi turli musobaqalarga 1200 dan ortiq yoshlar jalb qilinib, musobaqa yakuni bo‘yicha 70 nafar g‘oliblar taqdirlanadi.
Foto: Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
- Bosh prokuratura muzeyiga noyob eksponatlar kiritildi
- Oʻzbek polvonlari kurash boʻyicha Jahon chempionatida 72 ta medal bilan birinchi oʻrinni egalladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring