Innovatsion yondashuv chorva mahsuldorligini oshirmoqda
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyati chorvachilik mahsulotlari yetishtirish borasida mamlakatimiz hududlari orasida yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Aniq misollarga toʻxtaladigan boʻlsak, oʻtgan yili viloyatda 345,9 ming tonna goʻsht, 1380,1 ming tonna sut yetishtirilgan. Bu bilan qashqadaryolik chorvadorlar goʻsht yetishtirish hajmi boʻyicha respublikada 1-oʻrinni, sut yetishtirish hajmi boʻyicha esa faqat Samarqand viloyatidan keyin 2-oʻrinni qayd etishdi.
Vohada yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarining asosiy hajmi shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar hissasiga toʻgʻri kelishi sir emas. Shu bilan bir qatorda, soʻnggi yillarda sohada chorvachilikka ixtisoslashgan subyektlarning faolligi ham oshib bormoqda. Ulardan biri Shahrisabz tumanida faoliyat yuritayotgan “Nosirov Toʻra Ulashovich” xususiy korxonasi hisoblanadi.
Mazkur korxona rahbari Bahrom Nosirov dastlab sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan kichik zamonaviy quvvatni ishga tushirish bilan oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlagan edi. Sohada biroz tajriba toʻplagach, xorijdan 40 bosh “shves” zotli sut yoʻnalishidagi qoramollarni olib kelib, xomashyoning ham asosiy qismini oʻzi yetishtira boshladi.
— Ayni paytda korxonamizning chorvachilik kompleksidagi qoramollar soni 200 boshga yetdi, — deydi B. Nosirov. — Olinayotgan sutni toʻliq oʻzimiz qayta ishlaymiz. Kamiga qishloqlardan, aholi xonadonlaridan ham sut sotib olamiz. Ayni paytda ishlab chiqarish seximizda 14 xil turdagi isteʼmol mahsulotlari, jumladan, kefir, smetana, qatiq, pishloq, brinza ishlab chiqaryapmiz.
Eʼtiborli jihati, tadbirkor chorva ozuqasini yetishtirishda ham innovatsion usuldan foydalanmoqda.
— Mollar uchun anʼanaviy yem-xashaklar sotib olish va tayyorlash bilan bir qatorda bugʻdoyni maxsus konteynerlarda tuproqsiz, maxsus jihozlangan va nam sharoitda oʻstirish, yaʼni gidroponika usulida koʻk massa yetishtirishni yoʻlga qoʻyganmiz, — deydi u. — Bu usulda yetishtirilgan maysa turli ozuqa vitaminlari, fermentlar, biologik faol moddalar, yogʻli kislotalar va yengil oʻzlashtiriladigan proteinga boy boʻlgani uchun ham uni yegan mollarning vazni ancha yuqori boʻladi. Qolaversa, bu usulning iqtisodiy tomondan ham foydali jihatlari talaygina. Ozuqa tannarxining pasayishi, vitaminlar, dori-darmonlar va turli qoʻshimchalarga sarf-xarajatlarning kamayishi, iqlim sharoitlari bilan bogʻliq tavakkalchiliklarning yoʻqolishi shular jumlasidan.
Bahrom Nosirov ayni paytda korxonaning chorvachilik faoliyatini yanada kengaytirish harakatida. U 300 bosh qoramol boqishga moʻljallangan innovatsion chorva kompleksi binosini qurishni rejalashtirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring