Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻngi uch yarim yil ichida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashkil etilgan ilm-maʼrifat maskanlari misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Ular qatoriga Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazlarini kiritishimiz mumkin.
Bugun ham ana shu ezgu ishlar davom etmoqda. Joriy yil 11-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etildi. Shuningdek, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya taʼsis etildi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari boʻlgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilish;
- islom dinining insonparvarlik mohiyati, maʼrifiy-madaniy roli va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;
- Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan oʻrnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;
- “jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom dinining ilm-maʼrifat, maʼnaviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi gʻoyalarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazishdan iborat ekani qayd etildi.
Hujjatda Markaz hamda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom olami tashkiloti (ICESCO)ga aʼzo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari oʻrtasida samarali xalqaro hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirish boʻyicha aniq choralar belgilandi.
Shuningdek, Qarorda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi muntazam ravishda Markaz ilmiy xodim va tadqiqotchilarining xorijda amaliyot oʻtashi va stajirovkasini tashkil etish boʻyicha amaliy choralarni koʻrishi qayd etib oʻtildi.
Yurtimizda bu kabi nufuzli dorulfununning tashkil etilishi orqali Imom Moturidiy va uning izdoshlarining musulmon olamidagi mashhur asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinadi va xalqimizga yetkaziladi. Yurtimiz moturidiyshunos olimlari xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etadilar. Markaz muassisligida “Moturidiylik” maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnali nashr etiladi.
Kelgusida “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida konferensiya va seminarlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, dunyo qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga oid qoʻlyozma asarlar nusxalari jamlanadi hamda ularning katalogi yaratiladi. Yigʻilgan malumotlar asosida moturidiylik taʼlimotiga oid ensiklopediya tayyorlanadi.
Yana quvonarlisi oʻzbek va jahon kino ixlosmandlari uchun Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlanadi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda dunyoda mavjud 1,9 mlrd musulmon aholining 38%yoki 726 millioni moturidiylik taʼlimotiga amal qiladi. Ular Pokiston, Hindiston, Turkiya, Misr, Rossiya kabi 20 ga yaqin davlatda istiqomat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi sifatida ulugʻ alloma ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmi merosini chuqur tadqiq etish, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ezgu umuminsoniy gʻoyalar, muqaddas dinimizning ilm-maʼrifat, halol-poklik, yuksak axloq va ezgulik taʼlimoti asosida tarbiyalash imkonini beradi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring