Immunitetni infeksiyalarga qarshi qanday mustahkamlash kerak?

16:26 25 Avgust 2024 Dunyo
311 0

Immunitet – inson organizmini zararli infeksiya va kasalliklardan himoya qiluvchi tizim. Shu bois uning mustahkam boʻlishi, virus va bakteriyalarga qarshi samarali kurashishi uchun bir qancha tavsiyalarga amal qilish lozim.

1. Mukammal va muvozanatli ovqatlanish.

Immunitet tizimining samarali ishlashi uchun turli vitamin va minerallarga boy oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish zarur. Xususan, C vitamini (sitrus mevalar, qizil va yashil bulgʻori qalampiri, qovun, brokkoli), D vitamini ( sut mahsulotlari, tuxum, qoʻziqorin) va sink (qovoq urugʻi, mol jigari, loviya, tuxum sarigʻi, bodom) moʻl boʻlgan mahsulotlar taomnomadan mustahkam oʻrin egallashi kerak.

2. Yetarli miqdorda uyqu.

Immunitet tizimining toʻgʻri ishlashi uchun yetarli miqdorda uxlash juda muhim. Katta yoshli insonlar uchun bir sutkada 7-8 soat uyqu tavsiya etiladi. Tiniqib uxlash orqali organizm virus va bakteriyalarga qarshi samaraliroq kurashadi.

3. Jismoniy faollik.

Jismoniy mashqlar immunitetni mustahkamlashning yana bir muhim yoʻli. Muntazam ravishda jismoniy mashgʻulotlarni bajarish organizmning infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi va barcha tizimlarning yaxshi ishlashini taʼminlaydi.

4. Stressni kamaytirish.

Koʻplab izlanishlar stressning immunitet tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatishini isbotlagan. Uni kamaytirish orqali organizmning infeksiyalarga qarshi kurashuvchanlik qobiliyatini yaxshilash mumkin. Stressga qarshi mustahkam turishning samarali yoʻllaridan biri meditatsiya qilish, nafas olish mashqlari va sport bilan shugʻullanishdir.

5. Yetarlicha suyuqlik ichish.

Suyuqlik ichish organizm faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun juda zarur. Chunki infeksiyalarga qarshi samarali kurashishda tananing gidratsiya holati yuqori darajada boʻlishi lozim. Bu — suv, tabiiy sharbatlar va turli vitaminga boy shoʻrvalar orqali amalga oshirilishi mumkin.

6. Qoʻshimcha vitamin va minerallar.

Agar ratsionda turli vitaminlar yetishmasa, ularni qoʻshimcha tarzda qabul qilish mumkin. Ayniqsa, S, D vitamini va sink immunitet tizimini quvvatlantirishga yordam beradi.

7. Qoʻllarni muntazam yuvish.

Qoʻl gigiyenasi infeksiya tarqatmaslikning eng samarali yoʻllaridan biri. Ularni muntazam yuvish orqali organizmga virus va bakteriyalar kirishining oldini olish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер