“Imkoniyatim cheklangani meni to‘xtatib qololmaydi”

Foto: «Xalq so‘zi»
Nishonlik Asror Qurbonov baxtsiz hodisaga uchrab, bir qo‘lidan ayrilganida endigina o‘n yoshga qadam qo‘ygan edi. Bu voqea nafaqat orzular osonida uchib yurgan bolakay, balki uning yaqinlari uchun ham juda katta ruhiy zarba bo‘ldi. Ota-ona o‘g‘lining joni omon qolinganidan bir quvonsa, uning ertaga nogiron holda qanday kun kechirishini o‘ylab ming kuyunardi.
- O‘g‘lim maktabda a’lochi edi, - deydi Asror Qurbonovning onasi Zuhra aya Tursoatova. – Uni yuqori kuchlanishli elektr toki urib yuborib, tanasining yetmish foizi kuyib qolgach, qariy uch yilga yaqin umrimiz shifoxonalarda o‘tdi. Bir nechta og‘ir jarrohlik amaliyotlarini boshidan kechirdi bolam. O‘qishlari ham qolib ketdi. Ayniqsa, shifokorlar bir qo‘lini olib tashlashganidan so‘ng, o‘g‘lim ertaga qanday kun ko‘radi, birovga boqimanda bo‘p qoladi-da , deb tinimsiz yig‘lardim.
Ammo Asror ortga chekinmadi. Doim oldinga intildi. Bor imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishga harakat qila boshladi. Xususan, tomorqada mehnat qilishni, dehqonchilikning sir-asrorlarini puxta o‘rgandi. Bugungi kunda esa tomorqani haqiqiy daromad manbaiga aylantirgan.
- Ikki yil avval tomorqamning 6 ostixiga issiqxona tashkil etib, limon ko‘chatlarini ekkan edim, - deydi u. – Limonlarim to‘liq hosilga kirishiga yana uch yil bor. Bungacha esa yer bo‘sh turmasligi uchun ularning orasiga kartoshka ekkanman. Issiqxona sharoitidagi kartoshka ochiq daladagiga qaraganda 10-15 kun ertachi tayyor bo‘ladi. Bozorda yangi kartoshkaga talab ko‘paygan bir vaqtda mahsulotni yaxshi narxda sotasiz. Bundan tashqari, hovlimda 3 sotixlik yana bitta issiqxonam bor. Bu yerda avval bodring, pomidor va turli ko‘katlar yetishtirar edim. Bu yil esa ikki sotixida qulupnay, bir sotixida pomidor yetishtirdim. Issiqxona sharoitida qulupnay juda yaxshi hosil berar ekan. Mart oyining ilk kunlaridanoq hosilni bozorga chiqarib boshlagan bo‘lsak, shu vaqtga qadar 25 million so‘mdan oshiq daromad oldik. Hali yana hosil bor.
Issiqxonani ko‘zdan kechirar ekanmiz, qulupnay poyalari orasida plastmassa stakanlarga ekib qo‘yilgan yana bir ko‘chatni ko‘rib, tomorqa egasidan uning nima ekanligi haqida so‘radik.
- Bu ham qulupnay ko‘chatlari, - deydi Asror Qurbonov kichik stakonchadagi ko‘chatlardan birini qo‘liga olib. Buni bir oycha avval ekandik. Issiqxona sharoitida ko‘karib, yetarli darajada rivojlanib oldi. Mana endi ularni dalaga o‘tqazamiz. Shundan so‘ng bir oyda hosilga kiradi. Yoz bo‘yi na qulupnay sotishni rejalashtirib turibmiz.
Oilaga asosiy daromad keltirayotgan yana bir yo‘nalish esa gulchilik ekan. Asror Qurbonovning aytishicha, u gullarni juda yaxshi ko‘radi. Shu bois bu sohaning haqiqiy bilimdoni bo‘lishb ketgan. Shunga yarasha, gulchilikdan olayotgan daromadi ham ancha salmoqli.
- Gul ko‘chatlarini ixchamgina qo‘lbola issiqxonada yetishtiramiz, - deydi u. – Yiliga 10 ming donaga qadar turli gul ko‘chatlarini yetishtirishni uddalayapmiz. Ular orasida bahosi 20-30 ming so‘mga yetadiganlari ham bor. Gullarni asosan issiqxona sharoitida urug‘idan yetishtirib, erta bahordan bozorga chiqaramiz. Ularni aholiga ham, korxona va tashkilotlarga ham sotamiz.
E’tiborimizni tortgan yana bir jihat, hovli va issiqxona devorlari o‘rtasidagi kichik maydonga 3 ming dona soxna daraxti ko‘chatlari shu qadar tig‘iz va tartib bilan ekilganki, tomorqachining didi va uquviga qoyil qolasiz. Asror Qurbonovning aytishicha, qish faslidagi qattiq sovuq sosna daraxtlarining aksariyatiga zarar yetkazibdi. Lekin daraxtlar yog‘och bo‘larlik darajaga kelib qolgani uchun, bundan sira zarar ko‘rmaydi. Hozirdanoq qurigan daraxtlarni kesib, yog‘ochlarini sotishni boshlab yuboribdi.
To‘g‘risi, moʻjazgina hovlining qaysi burchagiga qaramang, nimadir yetishtirilayotgani, bir parcha yer ham bo‘sh turmaganining guvohi bo‘lasiz. Oila uchun esa bularning barchasi daromad manbai. Har qarich yerdan millionlab daromad olmoqda.
- Yil boshidan hozirga qadar faqat issiqxonaning o‘zidan olgan daromadimiz 70 million so‘mga yetdi, - deydi Asror Qurbonov. – Mavsum davomida bu yerdan oladigan daromadim yuz million bo‘lishini hisob-kitob qilganman. Lekin bu hali hammasi emas.
Asror Qurbonovning aytishicha, uch yil avval tuman hokimligi mutasaddilari uning o‘z tomorqasidagi dehqonchilik ishlari bilan tanishib, bu boradagi yutuqlarini e’tirof etishgan va faoliyatini yanada kengaytirishi uchun hududdagi yaylov yerdan bir gektar yer maydoni ajratib berishgan edi. Ikki yildan buyon bu yerda ham tarvuz va pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘yibdi. Texnika, ishchi ko‘chi, urug‘ va o‘g‘it uchun ketadigan xarajatlarni chiqarib tashlaganda ham bu yerdan olayotgan sof foydasi 40-50 million so‘mga yetmoqda ekan.
Asror Qurbonov qilayotgan ishlari, shu mehnatlari ortidan oilasi farovon ekani, uch nafar farzandini bekamu-ko‘st voyaga yetkazayotgani, mahallada, tanish-bilishlari ichida obro‘-e’tibor topayotgani haqida faxrlanib so‘zlaydi. Mahalla faollarining aytishimcha, u biror marotaba mahallaga ikkinchi guruh nogronligi borligini aytib, yordam so‘rab chiqmagan, bunga muhtoj ham emas. Aksincha, mahalladagi xayrli ishlarda doim faol, boshqalarga moddiy tomonlama ham, ma’naviy tomonlama ham yordam berishga harakat qiladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring