Ilon Mask Marsda uy qurayotgan bir paytda biz jim qarab turamizmi?!

20:04 29 May 2022 Madaniyat
658 0

Foto: Illustrativ foto

Hozirgi payt dunyoni haydovchisiz mashinalar, uchuvchisiz uchoqlar, sunʼiy intellektga ega robotlar jadal egallamoqda. Shunday bir davrda biz jim qarab turishimiz qanchalik toʻgʻri?

“Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasi ana shunday xayrli ishlarning debochasi boʻlgani bilan alohida ahamiyatga ega. Uch yil avval Namanganlik ixtirochilar boshlagan loyiha shu yili oʻz samarasini berdi. Bu “Boy Smart Systems” loyihasi sanaladi. Tizim “Boy Car”, “Boy Home”, “Boy Assistant”, “Boy SST” va “Boy Avtopilot” boʻlimlarini oʻz ichiga oladi.

“Boy Car” — avtomobillar uchun koʻp funksiyali tizim hisoblanadi. U yordamida mashinalarni masofadan yurgizish, qulflash, chiroqlarini yoqib- oʻchirish, musiqa ayttirish, isitgichini ishga tushirish mumkin. Barmoq izi yordamida esa mashinani qulflash va qayta ochish mumkin. Avtomobilning orqa yuk qismiga yaqinlashib oyogʻingizni olib borish yordamida esa uni ochish mumkin. Hattoki avtomobil qarshisidan biror xavf chiqsa avtomatik tormozlanadi.

“Boy Avtopilot” — Oʻzbekistonda ilk bor mashina haydovchilari uchun oʻzi yura olishi bilan taʼminlaydigan tizimdir. Mashinaga oʻtirasiz va rulga qoʻl tekkizmagan holatda xuddi Tesla avtomobilidek haydab keta olasiz. Hozirgi kunda u tizim Damas avtomashinasiga oʻrnatilgan va muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan.

“Boy Home” — barcha uylar uchun qoʻllasa boʻladigan aqlli qurilmadir. Tasavvur qiling, uyingizda chiroqni, televizorni yoki boʻlmasa boshqa elektr jihozini oʻchirish yodingizdan koʻtarildi, dasturga kirasiz va oʻchirish buyrugʻini berasiz. Hatto boshqa mamlakatda boʻlgan taqdiringizda ham uyingizdagi elektr jihoz oʻchadi.

“Boy Assistant” — telefonlar uchun juda foydali oʻzbekcha sunʼiy intellekt sanaladi. Dasturdan foydalangan holda ovoz buyruq orqali siz telefoningizni boshqara olasiz. Masalan “musiqa ayt”, «telegramga kir», “onamga telefon qil” va hatto dastur bilan oʻzbekcha suhbat ham oʻtkaza olasiz.

“Boy SST” orqali esa telefonda yoki kompyuterda hajmi katta boʻlgan matnlarni yozib emas, gapirib matnga aylantirishingiz mumkin.

Bu dasturlarni va tizimlarni Namangan viloyati Uychi tumanidagi 16 maktab oʻquvchisi Nosirjonov Abdulaziz tomonidan Namangan Davlat Universiteti talabalari hamda qishloqning elektr injenerlari hamkorlikda yaratishgan. Bu jamoaning ixtirolari “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasiga kiritilgani quvonarli xabar, desak mubolagʻa emas. Ayni paytda esa “Boy engineering” jamoasi yanada kattaroq loyihalar ustida ish olib bormoqda.

Maftuna UZOQOVA, OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?