Ilon Mask AQSHning Xitoy elektromobillariga boj joriy etilishiga norozilik bildirdi

17:48 24 May 2024 Dunyo
952 0

Foto: AP

«Tesla» kompaniyasi rahbari Ilon Mask AQSHning Xitoy elektr transport vositalariga qoʻyilayotgan bojlariga qarshi ekanini bildirdi.

U bu fikrlarini prezident Jo Bayden Xitoydan olib kelingan elektromobillar uchun yigʻimlarni toʻrt baravar oshirganidan keyin aytib oʻtdi.

«Na Tesla, na men bu tariflarni xohlagandik», — dedi milliarder Parijdagi texnologik anjumanda.

Oʻtgan hafta Oq uy yangi choralar, jumladan, Xitoydan olib kelinadigan avtomobillarga 100 foizlik tarif qoʻyish adolatsiz siyosatga javob ekanligi va AQSHda ish joylarini himoya qilish maqsad qilinganini bildirgandi.

«Ayirboshlash erkinligiga toʻsqinlik qiladigan yoki bozorni buzadigan qarorlar yaxshi emas. «Tesla» Xitoy bozorida tariflarsiz va imtiyozli yordamsiz juda yaxshi raqobatlasha oladi. Men tariflar boʻlmasligi tarafdoriman», — deydi Ilon Mask.

Jo Bayden oʻzidan oldingi prezident Donald Tramp tomonidan Xitoyga nisbatan joriy qilingan bir qator tariflarni saqlab qolib, Pekinga savdo bosimini oshirdi. Oʻtgan hafta u Xitoyning elektr transport vositalari va boshqa asosiy tovarlar, jumladan, batareyalar, kompyuter chiplari va asosiy tibbiy buyumlar uchun bozorda adolat oʻrnatishga vaʼda berdi.

Oʻz navbatida, Xitoy tariflarni oshirishga qarshi ekanligi va javob choralarini koʻrishini maʼlum qilgan.

Ushbu hafta Xitoy AQSH, Yevropa Ittifoqi, Tayvan va Yaponiyadan keladigan plastmassa importiga qarshi antidemping tekshiruvini boshladi. Shuningdek, Pekin Yevropa Ittifoqi va AQSHdan olib kelingan katta dvigatelli avtomobillarga 25 foizgacha boj toʻlanishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Yevropa Ittifoqining savdo siyosatini nazorat qiluvchi Yevropa Komissiyasi Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr avtomobillari importiga qarshi choralar qoʻllash toʻgʻrisida 4-iyulgacha qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер