Ilm ulashishda nogironlik toʻsiq emas

11:37 07 Avgust 2025 Jamiyat
123 0

Shoʻrchi tumanidagi “Laylakxona” mahallasida yashovchi Jangʻil Umaraliyeva 1-guruh nogironi boʻlishiga qaramay, hayotga boʻlgan umidini yoʻqotmagan. U 30-yildan ortiq mahalladagi 7-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchilik qildi, 20-yildan buyon esa nogironlik aravachasida.

Matonatli ayol uyida bolalarga adabiyot va matematika fanidan bepul saboq berib, ularni bilim olishga, fanlarga qiziqtirishga katta hissa qoʻshmoqda.

— Hayotimdan nolimayman, har kunim mazmunli oʻtmoqda, — deydi J.Umaraliyeva. — Davlatimiz berayotgan nafaqa puli ehtiyojim uchun yetarli. Mening orzum yoshlarimiz bilimli boʻlib, kamolotga yetishi va yurtimizga foydali shaxslar boʻlishidir. Ular erishgan muvaffaqiyatlar menga kuch bagʻishlaydi.

Mahalladagi yoshlar ham Jangʻil xolaning fidokorona mehnatini qadrlaydi.

— Ustozimiz tufayli matematikani yaxshi oʻzlashtiryapman. Har kuni mashgʻulotga kelaman. Bepul dars beradi, bu biz uchun katta yordam. Kelajakda hisobchi boʻlishni niyat qilganman, — deydi Sevinch Oʻrolova.

Bugungi kunda mamlakatimizda har bir fuqaroning imkoniyati kengaytirilishi, jamiyatdagi har bir aʼzoning faolligi oshirilishi davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Jangʻil Umaraliyeva kabi insonlar esa ana shu gʻoyalarni amalga oshirishda fidokorlik va matonat bilan mehnat qilmoqda.

Farhod ESONOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?