Ilhom Aliyev samolyot halokati sabablarini ochiqlamadi

13:06 26 Dekabr 2024 Dunyo
202 0

Foto: AP

Qozogʻistonning Aqtau shahri yaqinida “Ozarbayjon havo yoʻllari” aviakompaniyasiga tegishli yoʻlovchi samolyotining qulashi oqibatida kamida 38 kishi hayotdan koʻz yumdi.

Qozogʻiston rasmiylariga koʻra, havo kemasi bortida toʻrt davlat — 42 nafar Ozarbayjon, 16 nafar Rossiya, 6 nafar Qozogʻiston, 3 nafar Qirgʻiziston fuqarosi boʻlgan. Omon qolgan 32 kishi, jumladan, ikki bola kasalxonaga yotqizilgan. Ularning aksariyatining ahvoli ogʻirligi aytilmoqda.

Rossiyaning “Interfaks” axborot agentligi voqea joyidagi favqulodda xodimlarga tayanib xabar berishicha, halokatda ikkala uchuvchi ham halok boʻlgan.

“Fojia samolyotga qushlar urilishidan keyin yuzaga kelgan favqulodda vaziyat tufayli yuz bergan”, deya xabar berdi Rossiya aviatsiya nazorati tashkiloti.

Samolyot Grozniydagi quyuq tuman, moʻljallangan manzili tufayli dastlabki yoʻnalishidan burilib, favqulodda qoʻnishga majbur boʻlgan. Savdo aviatsiyasini kuzatuvchi veb-saytlar samolyot gʻoyib boʻlishidan oldin gʻarbiy qirgʻoq boʻylab rejalashtirilgan marshrut boʻyicha shimolga parvoz qilganini qayd etgan. Keyinchalik u sharqiy qirgʻoqda yana paydo boʻlib, Aqtau aeroporti yaqinida aylanib, oxir-oqibat qulab tushgan. Rossiyaning eng yaqin aeroporti Mahachqalʼa dronlarning faolligi sababli yopiq boʻlgan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev halokatga nima sabab boʻlishi mumkinligi haqida bir nechta nazariyalar mavjudligini aytgan. Lekin ularni ochiqlamagan.

“Ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda samolyot halokati aks etgan videolar mavjud va ularni hamma tomosha qilishi mumkin, biroq halokat sabablari hozircha bizga maʼlum emas. Har xil nazariyalar mavjud, ammo men ularni muhokama qilish hali erta deb hisoblayman”, — deydi Ozarbayjon prezidenti.

“Ozarbayjon havo yoʻllari” Boku va Grozniy, shuningdek, Boku hamda Mahachqalʼa oʻrtasidagi barcha reyslarni tergov yakunlanmaguncha toʻxtatib qoʻyganini maʼlum qildi.

Ilhom Aliyev 26-dekabrni mamlakatda motam kuni, deb eʼlon qilish haqidagi farmonni ham imzolagan. Ozarbayjon prezidentining aytishicha, u halokat haqida Rossiyaga uchayotgan vaqtda xabardor qilingan.

“Men zudlik bilan samolyotga Bokuga qaytish boʻyicha koʻrsatma berdim”, — dedi Aliyev oʻz idorasi tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Qozogʻiston, Ozarbayjon va Rossiya rasmiylari halokat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Ozarbayjon Bosh prokurori oʻrinbosari boshchiligidagi tergov guruhi Qozogʻistonga joʻnatilgan va halokat joyida ishlamoqda.

Aliyev oʻz bayonotida holat boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilganini va Ozarbayjon jamoatchiligi tergov haqida muntazam ravishda xabardor qilinishini aytdi. Qozogʻistonda fojia sabablarini oʻrganish, halok boʻlganlar va jarohatlanganlarning oilalariga zarur yordam koʻrsatilishini taʼminlash uchun hukumat komissiyasi tuzildi.

Samolyotni ishlab chiqaruvchi Braziliyaning “Embraer” kompaniyasi soʻrovlar boʻyicha yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?