“Ilhaq” nafaqat oʻzbek, balki tojik xalqining ham matonat madhiyasi boʻlibdi — Oʻzbekistonlik kinochilar Hisorga bordi

14:02 22 May 2021 Madaniyat
1178 0

Tojikiston Respublikasida 2021-yilning 19-22-may kunlari boʻlib oʻtishi moʻljallangan “Oʻzbek kinosi kunlari” davom etmoqda.

Yaqinda oʻzbekistonlik kino ustalari Tojikistonning Hisor shahriga tashrif buyurishdi. Shahar madaniyat saroyida oʻtkazilgan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, «Tojikfilm» davlat muassasasi rahbari Mahmasaid Shohiyon, Oʻzbekiston xalq artistlari Tesha Moʻminov, Xayrulla Saʼdiyev, Hisor shahar raisining oʻrinbosari Bunafsha Yoʻldoshzoda va boshqalar soʻzga chiqib, kino xalqlar va davlatlar oʻrtasidagi mustahkam koʻprik ekanligi, oʻzbek kinosi kunlarining xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni tiklashdagi ahamiyati xususida soʻz yuritishdi.

— Har ikki mamlakat rahbarining saʼy-harakatlari tufayli azaliy aloqalarimiz qayta tiklandi, bu kino sohasidagi hamkorlik rivojida ham muhim oʻrin tutadi, — dedi F.Abduxoliqov. – Bugun biz hisorlik muxlislar bilan uchrashuv chogʻida tomoshabinlar yuzida, koʻzida sogʻinch va intilishni his qildik. Umid qilamizki, bu uchrashuvimiz oxirgisi emas. Biz oʻzbek kinosining sara durdonalari bilan tojikistonlik kinomuxlislarni xushnud qilishda davom etamiz.

Shundan soʻng Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbek xalqining hayoti, xususan toshkentlik Zulfiya Zokirova va farzandlarining qahramonona matonati haqida hikoya qiluvchi “Ilhaq” filmi tomoshabinlar hukmiga havola qilindi.

— Film tomoshabinlarga manzur boʻlganidan juda mamnunman, — dedi rejissyor Jahongir Ahmedov. – Zalning tomoshabin bilan toʻlgani va ular namoyish soʻngiga qadar zalni tark etmagani meni juda xursand qildi. Ayrim muxlislar filmni koʻzda yosh bilan tomosha qilishganini aytmoqda. Agar siz yaratgan film millati yoki vatanidan qatʼi nazar har qanday muxlis qalbiga yoʻl topa olsa, menimcha bu rejissyorning katta baxti.

— “Ilhaq” nafaqat oʻzbek, balki tojik xalqining ham matonat madhiyasi boʻlibdi, – deydi tomoshabinlardan biri, hisorlik Nargiza Qosimova. – Chunki qancha-qancha tojik onalari bu urush tufayli oʻz farzandlaridan ayrildi. Qancha tojik ayolari bir umr urushda shahid ketgan yoriga sadoqat bilan yashab oʻtdi. Menimcha bu filmni bugungi yoshlarimizning barchasi koʻrishi, ibrat olishi kerak.

Shu kuni oʻzbekistonlik mehmonlar Hisor shahrining diqqatga sazovor maskanlari, tarixiy obidalari bilan tanishdilar. Xususan, bir paytlar Bobur Mirzoning ham qadami tekkan koʻhna Hisor qalʼasiga sayohat kinoijodkorlarga manzur boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?