“Ilgari tumanimizda sanoat umuman boʻlmagan”

13:51 26 Iyun 2025 Jamiyat
148 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Bugun Qoraqalpogʻistonga borgan kishining tushunchasi oʻzgaradi. Chunki bu yerda bozor, aeroport, guzarlar, qator koʻchalar, yangi uylar va maʼmuriy, maʼrifiy imoratlar koʻp. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan orolboʻyiga oid farmon va qarorlar qabul qilinib, tadbirkorlarning soliq yuki pasaytirilgani, yer ajratishda imtiyozlar yaratilgani yangi korxonalar bunyod etilishiga zamin yaratmoqda.

Birgina Beruniy tumanidagi “Rayhon Apparel” masʼuliyati cheklangan jamiyati dastlab 2023-yilda tayyor matodan erkaklar va ayollar kiyimlari tikishni yoʻlga qoʻydi. Mazkur tikuv fabrikasiga oʻtgan yilda chet eldan tayyor kiyimlarga gul bosish uskunasi keltirildi. 300 nafardan ortiq ishchilarning bandligi taʼminlandi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurganlarida doim xotin-qizlar turmushini yaxshilash masalasiga alohida toʻxtaladi, — deydi mazkur fabrika ishchisi Saida Bektemurova. — Ilgari tumanimizda sanoat umuman yoʻq edi. Yangi korxona ish boshlagach, yuzlab xotin-qizlar ishli boʻlishdi. Oʻzim yoshligimdan tikish-bichishdan xabarim boʻlgani uchun shu korxonada ish boshladim. Hozirgi kunda korxonadagi 25 nafar tikuvchi qizlarga ustozlik qilib kelaman. Fabrika yozda salqin, qishda issiq, ishlashga qulay. Olis ovullardan keladigan xotin-qizlar uchun transport qoʻyilgan. Tushlikni ham shu yerdagi oshxonada qilamiz. Ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

“Rayhon Apparel” masʼuliyati cheklangan jamiyati umumiy loyiha quvvatini 28,5 mlrd. soʻmga yetkazib, paxtani oʻzlari yetishtirib, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning toʻliq sikliga oʻtmoqda. Yiliga 5 mln dona 15 turdagi tayyor trikotaj kiyim-kechaklar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Barcha bichish tikish uskunalari Yaponiya, Germaniya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan. Mahsulotlar asosan eksportga yoʻnaltirilgan.

Yaqinda Taxiatosh tumanida ham yirik fabrika qurib bitkazildi. Taxiatosh tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashish uchun Surxondaryo viloyati biriktirilgan edi. Surxondaryolik tadbirkorlar, Taxiatosh tumani masʼullari bilan birgalikda umumiy qiymati 4 mln. dollarlik trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fabrika qurildi. Zamonaviy tikuvchilik asbob-uskunalar bilan jihozlangan korxonada yiliga 10 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yoʻnaltiriladi. Xomashyo toʻligʻicha ushbu hududda yetishtirilmoqda. Eng muhimi, 200 nafar mahalliy xotin-qizlar bandligi taʼminlandi.

Ilgari Taxtakoʻpirda ham sanoat umuman boʻlmagan. Tumanidagi “KAUSAR TEGIRMON” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Junni qayta ishlash” loyihasi amalga oshirilgani dastlabki korxona hisoblanadi. Umumiy qiymati 878,0 ming dollarlik ushbu loyiha boʻyicha ishga tushgach, tuman hududida 300 ta yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, Taxtakoʻpir tumanidagi “Дәўқара” OFY hududida “Taxtakopir Gold Tekstil Mahsulotlari” MCHJ tomonidan yirik hajmdagi toʻqimachilik loyihasi amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 25,4 mln AQSH dollari boʻlgan ushbu investitsiya loyihasi uchun 4,5 gektar yer maydoni ajratildi. Hozirgi kunda qurilish ishlari qizgʻin olib borilmoqda.

— Korxonamiz binolari qurib bitkazilgach, Shveysariyaning zamonaviy asbob-uskunalari bilan jihozlanadi, — deydi korxona direktori Nurlibek Aliyev. — Joriy yilda “Reuters” korxonasi bilan shartnoma tuzib, bu yerga oʻrnatiladigan texnologiyalar uchun maʼlum miqdordagi mablagʻ oʻtkazildi. Fabrika ishga tushirilgach, shveysariyalik malakali texnologlar 6 oyda mahalliy xodimlarimizga uskunalarni boshqarishni oʻrgatadi. Loyiha doirasida yiliga 5 ming tonna ip yigirilib, 11,1 mlrd. soʻmlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Barcha ishlar nihoyasiga yetgach, 5 ming tonna ip-kalava mahsulotini Yevropa bozorlariga eksport etish imkoniyati yaratiladi. Eng eʼtiborlisi, korxona toʻliq quvvatda ishlasa, 250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Shu kunlarda Qoraqalpogʻistonda yangi korxonalar, tadbirkorlik subyektlari faoliyati kengayib bormoqda. Ilgari bitta tumanda yilida bitta korxona ochilsa, hozirda oʻnlab loyihalar ishga tushirilmoqda. Yangi ish oʻrinlari yaratayotgan yangi korxonalarda minglab hudud aholisining bandligini taʼminmoqda. Bu orolboʻyi aholisini ulkan maqsadlar bilan yashashiga zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер