Ildizlaring qayda, iztirob?

14:50 28 Oktyabr 2025 Jamiyat
168 0

Oʻsmirlik inson hayotidagi eng hassos bosqich. Bu davrda yoshlarda fikrini mustaqil ifodalashga, erkin yashashga intilish va ishtiyoq kuchli, ammo hayotiy tajriba yetishmasligi tufayli toʻgʻri yoʻlni tanlash qobiliyati toʻliq shakllanmagan boʻladi. Shu sababdan ham ularda yoʻl boshlaydigan insonga katta ehtiyoj seziladi. Agar jamiyat va oila ular tomon yuz burmasa, qalbiga quloq solmasa, tanasida “boʻshliq” paydo boʻladi. Xuddi ana shu boʻshliq jinoyat urugʻini yetishtiradigan eng xavfli makondir.

Andijon viloyatida 2025-yilning 9 oyi davomida voyaga yetmaganlar tomonidan 106 ta jinoyat sodir etilgan. Albatta, bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 14,5 foizga kam. Lekin raqamlar ortida inson taqdiri, oilaviy darzlar, ruhiy iztiroblar yashirin. Eng koʻp holatlar Asaka, Izboskan, Shahrixon tumanlari va Andijon shahrida qayd etilgan. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bu holatlarga huquqiy bilimning yetishmasligi, moddiy qiyinchiliklar va eng muhimi ota-onalarning farzand tarbiyasiga nisbatan masʼuliyatsizligi sabab boʻlyapti. Buni 12 ming 488 nafar ota-onaning Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortilgani ham tasdiqlaydi.

Baʼzan farzand uyda boʻlsa-da, ruhi goʻyo boshqa joyda. U oila aʼzolari bilan chin dildan dardlashish istagida boʻladi. Mehr izlaydi, ota-onaning farzandga boʻlgan muhabbatini xohlaydi. Ammo ota ish bilan, ona turmush tashvishlari bilan band. Bolaning savollariga javob ham, javob bergani vaqt ham yoʻq. Shundan keyin u javobni koʻchalardan, ijtimoiy tarmoqlardan, notanish muhitdan izlaydi. Oʻsha muhit uni “quchoq ochib” kutib oladi. Eng achinarlisi shundaki, koʻchaga intilayotgan voyaga yetmaganlar orasida qiz bolalar ham bor...

...Nigina (ism oʻzgartirilgan) chetdan qaraganda tengdoshlari qatori oddiy qizdek tuyuladi. Aslida u bizga yot boʻlgan muhit bolasidir. Onasi qamoqqa ketdi. Ota esa oʻzining baxtsizligi alamini aroqdan ola boshladi. Qiz esa qarovsizlikdan duch kelgan koʻchaga “bosh suqib koʻrdi”. Oiladagi nosogʻlom muhit goʻyoki uning “erkini boʻgʻa boshladi”. Shu bois uydan yoshgina boshini olib, badar chiqib ketdi...

Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida saqlanayotgan Nigina bilan suhbatlasharkanmiz, aslida uning ham hayotdan umidlari koʻp boʻlganiga amin boʻldik. Bu yerda jami besh nafar ota-onaning nazoratisiz yurgan qizlar saqlanadi. Ular bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar olib borildi. Bu muloqotning oʻzi shunchalik dardli ediki, aslida qizlarning hayotiga dogʻ solgan dard oldida bu ogʻriq hech narsa emasdek goʻyo... Birining onasi bor, lekin mehri yoʻq. Birining otasi ikkinchi turmush qurgan, lekin farzand bilan gaplashishga hojat sezmaydi. “Oʻgay ona” deyish oson, ammo “oʻgay ota” boʻlib qolganlar soni qancha?!

Bedarak yoʻqolgan shaxslar roʻyxatida maktab oʻquvchilarining borligi kishini qattiq tashvishga soladi. Ular qayerga yoʻl olmoqda? Qaysi “doʻstlar” ularni aldamchi vaʼdalar bilan oʻzi tomon chorlayapti? Ularga kim “erkinlik” vaʼda qilib, uning oʻrniga iztirob sovgʻa qilmoqda? Bu savollar javobsiz qolganda, har birimiz, yaʼni ota, ona, ustoz, mahalla, jamiyat javobgarlik hissini sezishimiz kerak. Chunki farzandning ildizi oilada. U yerda muhit sogʻlom boʻlsa, jamiyat ham dardga chalinmaydi.

Nilufar MOʻMINOVA,

podpolkovnik.

Andijon viloyati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер