Ildizlari tutash chinorlar

Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlarining ilm-fani, qadriyatlari, tili va adabiyoti, sanʼati va madaniyati uygʻun oʻzanlarda shakllanib, rivojlanib kelgan. Oʻzbekistonda Nizomiy Ganjaviy, Imomiddin Nasimiy, Muhammad Fuzuliy asarlari qanchalik sevib oʻrganilsa, Ozarbayjonda Alisher Navoiy dahosiga munosabat milliy iftixor darajasiga koʻtarilgan.
Temuriylar saltanati davrida Samarqandda ozarbayjonlik Shoh Fatxulloh Shervoniy, mavlono Fatxulloh Tabib Tabriziy, Ali Muhammad Sayyid Sharif Jurjoniy, Mavlono Xoja Tabriziy kabi qomusiy olimlar mantiq, falsafa, nujum, sheʼrshunoslik, tilshunoslik kabi turli fan sohalari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Bundan tashqari, yuzlab ozar hunarmandlari, sanʼatkorlar va shoirlar Samarqandni yer yuzining sayqaliga aylantirish ishlarida faol ishtirok etgan.
XX asrda koʻplab ozarbayjonlar oʻz yurtidan majburan yurtimizga koʻchirilganda oʻzbek va ozar etu tirnoq singari bir-biriga qayishib, hamqadam va hammaslak boʻlgan. Maqsud Shayxzoda, Faridun Safarov, Eynulla Aliyev, Jafar Abdullayev, Shevket Gudarli, Koʻkeb Aliyeva singari ozar qardoshlarimizning madaniy hayotimizda tutgan oʻrnini xalqimiz unutmaydi. Xususan, shoir, adib, dramaturg Maqsud Shayxzoda badiiy adabiyotimizda birinchilardan boʻlib buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi shaxsini ulugʻlab “Jaloliddin Manguberdi” va donishmand hukmdor Mirzo Ulugʻbek haqida “Mirzo Ulugʻbek” tarixiy dramalarini yozdi. U olim sifatida ham navoiyshunoslik taraqqiyotida oʻchmas iz qoldirdi, “Gʻazal mulkining sultoni” kitobida Navoiy ijodini ilmiy tadqiq etib, buyuk bobokalonimizning Sharq sheʼriyati takomiliga qoʻshgan hissasini ochib berdi. Maqsud Shayxzoda oʻzbek va ozarbayjon xalqlarining ardoqli va jonkuyar farzandi, uning asarlari esa ikki xalqni birlashtiruvchi koʻprik boʻldi, tarixda qoldi.
Oʻzbek va ozarbayjon xalqlarining adabiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalari mustaqillik yillari yanada kengaydi. Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, xalqaro maqom sanʼati anjumani, shuningdek, turli adabiy-maʼrifiy tadbirlarda ozar xalqi vakillarining qatnashuvi, Ozarbayjonda tashkil etilayotgan turli festivallar va anjumanlarda Oʻzbekiston vakillarining ishtiroki yaxshi anʼanaga aylandi. Ozar xalqi bilan tillarimizning bir-biriga juda yaqinligi, turmush tarzimiz, sanʼatimiz, xalq ogʻzaki ijodi va yozma adabiyotimizdagi mushtaraklik bugun birodarlik tuygʻularining oʻzgacha ruhda yanada kuchayishiga turtki bermoqda.
Davlatimiz rahbarining siyosiy donoligi va qardosh xalqlarni oʻzaro jipslashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlari tufayli soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.
2022-yil 21-22-iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning Oʻzbekistonga davlat tashrifi davomida ikki mamlakat oʻrtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisida deklaratsiya imzolandi. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari oʻrtasida 18 ta hujjat imzolandi. Hududlararo aloqalar, sanoat, xalqaro qatnovlar, turizm kabi sohalar bilan bir qatorda madaniy-gumanitar jabhada ham hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha bitimlar tuzildi.
Ikki millat liderlarining koʻp qirrali hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan muntazam harakatlari madaniy-gumanitar aloqalarimizning rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berdi.
Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi faoliyati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining nashr etilishi, unda Ozarbayjon mumtoz va zamonaviy adabiyoti vakillariga keng oʻrin berilgani, Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktabning qurilishi, Ozarbayjonda Oʻzbekiston adabiyoti va madaniyati, Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlarining muntazam oʻtkazib kelinayotgani ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarining tobora mustahkamlanib borayotganiga dalolat.
Keyingi yillarda oʻzbek va ozar olimlarining yaqin hamkorlik aloqalari ham shu oʻzanda oʻz natijalarini bermoqda. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot instituti olimlarining yaqindan hamkorlik oʻrnatishi uzoq yillar muqaddam mavjud boʻlgan va ayrim sabablarga koʻra sustlashib ketgan ilmiy-adabiy aloqalarning tiklanishiga olib keldi. Jumladan, universitetimizda Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi tashkil etildi, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek adabiyoti tadqiqotlari markazi ochildi. 2023-yilda Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida “Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro konferensiyasi oʻtkazildi. Hammualliflikda ozar-oʻzbek adabiy aloqalari haqida kitoblar yozildi. Ikki xalq mutafakkir shoirlari, mumtoz va zamonaviy adabiyot namoyandalarining tavallud kunlari munosabati bilan muntazam ravishda qoʻshma maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish anʼanaga aylandi.
Joriy yilning 3-7-mart kunlari universitetimiz olimlarining Ozarbayjonga uyushtirgan safari oʻzaro hamkorlik aloqalarimiz tarixida yangi sahifa ochdi. Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Adabiyot instituti tashkil etilganiga 90-yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda qatnashish bilan birga qator davra suhbatlari, adabiy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etish sharafiga muyassar boʻldik. Har bir uchrashuv ozarbayjonlik doʻstlarimiz bilan yanada yaqin tanishish, yangi ilmiy gʻoyalarni muhokama qilish va kelgusi rejalarimizni belgilash uchun yaxshi imkoniyat boʻldi.
Safarimiz davomida Nasimiy nomidagi Tilshunoslik instituti ilmiy jamoasi tomonidan ozarbayjon tilida nashr etilgan Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻotit-turk” kitobi taqdimotida ham qatnashdik. Qayd etish lozimki, “Devoni lugʻotit-turk” tom maʼnoda ildizi va qadriyatlari bir boʻlgan turkiy xalqlar tili va tarixini oʻrganishda gʻoyat muhim manba. Dunyo turkologlarining doimiy diqqat markazida boʻlgan ushbu asar islomgacha boʻlgan davrda turkiy xalqlarning madaniyati, boy maʼnaviy merosi, yashash tarzi haqida maʼlumot berishi bilan ayniqsa qimmatlidir. Mazkur nashr 1937-yil oʻzbek maʼrifatparvar jadidchilaridan boʻlgan Xolid Saidxoʻjayev tomonidan ozarbayjon tiliga tarjima qilingan matn asosida tayyorlangan. Xolid Saidxoʻjayev 1918-yil jadidchilik harakatiga qarshi qatli om boshlanganda Oʻzbekistondan Ozarbayjonga koʻchgan, ammo bu yerda ham mustabid tuzum qatagʻoniga uchrab 1937-yil otuvga hukm etilgan. Olimning ushbu tarjimasi qariyb 100-yil davomida nomaʼlum boʻlib, institut tomonidan olib borilgan uzoq izlanishlardan soʻng topildi.
Ozarbayjonning Ganja shahri turkiyzabon va forsiyzabon adabiyot klassigi Nizomiy Ganjaviyning vatani oʻlaroq Sharqda maʼlum va mashhur. Alisher Navoiy uni oʻziga ustoz deb bilgan va shunday taʼriflagan edi:
Ganja vatan, koʻngli aning ganjxez,
Xotiri ganjuru tili ganjrez.
Ganja qadimdan ilm-maʼrifat markazi boʻlib, bu yerdan koʻplab olimu adiblar, sanʼatkoru hunarmandlar yetishib chiqqan. Shunday ulugʻ insonlardan biri atoqli navoiyshunos olim, akademik, xizmat koʻrsatgan fan arbobi, oʻzbek-ozar adabiy aloqalarini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan yirik adabiyotshunos Hamid Araslidir. Olim V.Zohidov, V.Abdullayev, Oybek, Gʻ.Gʻulom, H.Sulaymon singari oʻzbek olimlari bilan doimiy hamkorlik qilgan, oʻzbek mumtoz adabiyoti vakillari, xususan, Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro hayoti hamda ijodi boʻyicha qimmatli tadqiqotlar olib borgan adabiyotshunos sifatida oʻzbek ilmiy-adabiy muhitiga yaxshi tanish. Bundan tashqari Hamid Arasli turkiy xalqlar ogʻzaki ijodining ham yirik tadqiqotchilaridan biri. U birinchilardan boʻlib “Kitobi dada Qoʻrqut”, “Goʻroʻgʻli” singari xalq ogʻzaki ijodi namunalarini ilmiy tadqiq qildi, shuning barobari oʻzbek folklorini oʻrganishga ham munosib hissa qoʻshdi. Ushbu zahmatli va salmoqli ilmiy izlanishlari uchun 1968-yilda unga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” unvoni berildi, ayni shu yilda Ozarbayjon Fanlar akademiyasi akademigi boʻldi.
Biz safar oldidan Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ganja boʻlinmasi tomonidan 6-mart kuni tashkil etilayotgan akademik Hamid Arasli tavalludining 115-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaga taklif etilganimiz bois oʻzbek-ozar adabiy aloqalari targʻibotchisi, oʻzbek xalqining ulugʻ doʻsti yubileyiga bagʻishlangan anjumanda ham qatnashish imkoniyati tugʻilganidan juda xursand boʻldik.
Konferensiyada oʻzbek olimlari maʼruzalarini ishtirokchilar katta qiziqish bilan tingladi. Maʼruzalarda Hamid Araslining oʻzbek olimlari bilan hamkorlikda olib borgan tadqiqot ishlari, adabiy aloqalarni rivojlantirishdagi buyuk xizmatlari alohida eʼtirof etildi.
Safarimizning oxirgi kuni akademiyaning Ganja viloyati boʻlinmasida ganjalik olimlar va ziyolilar bilan uchrashuv tashkillashtirildi. Bu ham oʻziga xos ramziy maʼnoda hazrat Navoiy va Nizomiy avlodlarining bir-biriga mehrli munosabatlari namoyishi boʻldi.
Uchrashuvda Ganja universiteti, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasining Ganja boʻlimi va Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti olimlari hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish boʻyicha fikr almashdi. Suhbat jarayonida biz Oʻzbekiston davlati rahbarining milliy madaniyatimizni targʻib etish masalalariga jiddiy eʼtibori, bir necha Prezident qarorlarida, jumladan, joriy yilning 12-yanvar kuni qabul qilingan “Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti zimmasiga xorijda Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va madaniyati markazlarini tashkil etish topshirilgani va bu borada oliygoh tomonidan erishilgan natijalar haqida batafsil axborot berildi.
Yigʻilish ishtirokchilari bir ovozdan Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va madaniyati markazini ochish taklifini qoʻllab-quvvatladi. Shu kuni universitetimiz va akademiyaning Ganja viloyati boʻlinmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik haqida imzolangan memorandumda markaz ochish ishlarini muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh vazifalari belgilandi hamda joriy yilning oxirgi choragida Ganjada Alisher Navoiy markazining rasmiy ochilish marosimini oʻtkazishga kelishildi.
Muxtasar aytganda, Ozarbayjonda boʻlib turgan kunlarimizning hech bir soniyasi mazmunsiz oʻtmadi, desak boʻladi. Rejalashtirilgan rasmiy tadbirlar orasida olimlarimiz Ozarbayjondagi bir necha universitetlar va ilmiy markazlarda boʻlib, maʼruzalar oʻqishga muvaffaq boʻldi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari hamda samarali hamkorligi xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy almashinuv va doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash, shu yoʻnalishda yuksak natijalarga erishishning yangi ufqlarini ochib berdi. Ikki qardosh xalqning madaniyati va sanʼati asrlar davomida yonma-yon rivojlanib, bir-birini oʻzaro boyitib, toʻldirib kelayotgani birgalikda oʻtkazilayotgan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Endigi bosqichda oddiy xalq ichiga koʻproq kirsak va xalqimiz madaniyatini tanishtirish ishlarida keng aholi qatlamini qamrab olsak, ishonamizki, har bir ozar oilasida Oʻzbekistonga kelish, oʻziga tanish boʻlgan qadriyatlarni kashf etish istagi tugʻiladi. Zero, hammamizning maqsad va intilishlarimiz bir, darvozalarimiz bir-birimiz uchun doim ochiq, mehr koʻzda, deyishadi. Azaldan doʻst-birodar boʻlgan xalqlarning bugungi tahlikali zamonda yana qayta topishishi, umumiy maqsadlar yoʻlida qoʻlni qoʻlga berib, olgʻa intilishi bizga quvonch bagʻishlaydi. Ikki davlat oʻrtasida ishonch va yuksak hurmatga asoslangan oʻzaro manfaatli hamda samarali hamkorlik poydevori mustahkam oʻrnatilganiga amin boʻlamiz.
Shuhrat SIROJIDDINOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili
va adabiyoti universiteti rektori, akademik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring