Ikki viloyatning qoʻshni davlatlar bilan chegara oldi hududlarida 21 ta koʻp tarmoqli klinika tashkil qilinadi

13:43 07 Fevral 2025 Siyosat
216 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ijtimoiy soha tashkilotlari ham eksport faoliyatida faolroq ishtirok etishi zarurligi taʼkidlandi.

Oʻtgan yili “Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi” dasturi boshlandi. Jarrohlik, dermatologiya, endokrinologiya markazlari chet ellik fuqarolarga xizmat koʻrsatishdan 1 million dollargacha mablagʻ tushirayotgan boʻlsa, 18 ta ilmiy markazda xizmatlar eksporti 300 ming dollarga yetmayapti.

Shu munosabat bilan 24 ta ixtisoslashgan markazning tibbiy xizmatlar eksportini 30 million dollarga yetkazish, Osiyo taraqqiyot banki bilan 5 ta ixtisoslashgan markazni xususiy boshqaruvga berilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.

Qoʻshni davlatlar bilan chegaradagi postlarga yaqin hududda joylashgan 60 ta shifoxonada oʻtgan yili 300 mingdan ziyod odamga tibbiy xizmat koʻrsatilgan. Masalan, birgina “Ayritom” xalqaro savdo zonasida ochilgan xususiy klinika oʻtgan yilni oʻzida 15 ming chet ellik fuqaroga tibbiy xizmat koʻrsatdi.

Lekin 3 ta davlat bilan chegaradosh, 7 ta bojxona posti boʻlgan Toshkent viloyatidagi chegara oldi hududida birorta klinika yoʻq. Namanganda ham shu ahvol.

Shu bois, viloyat hokimlariga qoʻshni davlatlar bilan chegara oldi hududlarida 21 ta koʻp tarmoqli klinika tashkil qilishni boshlash topshirildi.

Soʻnggi sakkiz yilda 125 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Shundan 23 tasi xorijiy universitet filiallari.

Lekin, oʻtgan yili oliy taʼlimda eksport atigi 26 million dollarni tashkil qilgani imkoniyatlarga mutlaqo mos emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Oliy taʼlim vazirligiga “Top-1000” talikka kirgan 2 ta oliygoh bilan cheklanib qolmasdan, yaqin yillarda ularni 10 taga yetkazish choralarini koʻrish topshirildi.

Oʻtgan yili 15 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berildi. Tadbirkorlar 86 milliard coʻm investitsiya kiritib, 1,5 mingdan ziyod madaniy tadbir tashkil qildi.

Vazirlik tizimidagi yana 120 ta madaniyat va sanʼat markazi boʻsh turibdi. Shu munosabat bilan madaniyat vaziriga markazlarni ilgʻor xorijiy tajriba asosida xususiy sektorga berishni tashkillashtirish topshirildi.

Yigʻilishda hudud rahbarlari va vazirlarning hisoboti tinglandi, tadbirkorlarning namunali tajribasi koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер