Ikki universitet hamkorligida “Ilm-maʼrifat bogʻi” yaratildi

11:00 15 Aprel 2025 Jamiyat
75 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpoq davlat universiteti va Namangan davlat universiteti oʻrtasida taʼlim, fan va ekologiya sohalarida oʻrnatilgan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Kuni kecha Qoraqalpogʻistondagi oliygoh hududida “Ilm-maʼrifat bogʻi”ni barpo etishga kirishildi.

Mazkur loyiha NamDTU tashabbusi va ilmiy yondashuvi asosida hayotga tatbiq etilmoqda. Bogʻda 100 tupdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari va 500 tupdan ziyod turli xil gullar ekildi. Ahamiyatli jihati shundaki, bu gul va koʻchatlar Namangan davlat texnika universitetining laboratoriyasi va innovatsion issiqxonasida yetishtirilgan. Eng muhimi, ayni jarayonda namanganlik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan gidrogel texnologiyasidan foydalanildi. Ushbu texnologiya suvni tejash va oʻsimliklarni samarali parvarishlashda yuqori samara beradi. Bu esa bogʻni nafaqat goʻzal, balki ekologik jihatdan ham barqaror maskanga aylantiradi.

Yangi bogʻning tantanali ochilish marosimida ikki universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, talabalar ishtirok etishdi.

— “Ilm-maʼrifat bogʻi” — bu shunchaki gullar va daraxtlar ekilgan hudud emas. Bu — yosh avlod uchun tarbiya maskani, jamiyatimizda ekologik madaniyatni shakllantiruvchi oʻquv-tarbiyaviy maydon. Undagi har bir gul, har bir daraxt ilm-fanning, mehnat va hamkorlikning amaliy timsoli. Bizni quvontiradigan jihati — gidrogel texnologiyasi kabi zamonaviy yondashuvlarning amaliyotda oʻz oʻrnini topayotganidir. Bunday tashabbuslar orqali biz nafaqat tabiatga, balki kelajak avlod tafakkuriga ham taʼsir koʻrsatyapmiz, — deydi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Axmed Reymov.

Marosim davomida yana bir tadbir amalga oshirilib, Namangan davlat texnika universiteti vakillari qoraqalpoq hamkasblariga 64-xalqaro gullar festivalida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnomani tantanali ravishda topshirdi. Bu taklif nafaqat anʼanaviy doʻstona aloqalarni mustahkamlaydi, balki universitetlar oʻrtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikning yangi bosqichini belgilab beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер