“Ikki oydan keyin”. Tramp dunyo uchun yana bir “syurpriz” tayyorlamoqda

17:43 28 Dekabr 2025 Dunyo
301 0

AQSH Venesuela atrofidagi bosimni yanada kuchaytirmoqda. Soʻnggi paytlarda asosiy eʼtibor neft tankerlarini ushlab qolishga qaratilgan boʻlsa-da, Oq uy quruqlikda harbiy operatsiya oʻtkazish ehtimolini ham istisno qilmayapti. Bu haqda RIA Novosti eʼlon qilgan tahliliy materialda soʻz boradi.

Dekabr oxirida Donald Tramp anʼanaviy “rojdestvo” tabrigi chogʻida AQSH harbiylariga murojaat qilib, Lotin Amerikasidagi vaziyatni alohida tilga oldi. Unga koʻra, AQSH sohillari yaqinida oʻtkazilayotgan operatsiyalar natijasida narkotiklar kontrabandasi 96 foizga qisqartirilgan. Qolgan qismi esa quruqlik orqali olib oʻtilmoqda. Shu bois Tramp operatsiyani kengaytirish zarurligini taʼkidlab, “endi yerda kurash olib boramiz”, deya bayonot berdi. Biroq amaliyot qachon boshlanishini aniq aytmadi.

Shu bilan birga, AQSH maʼmuriyatidan qarama-qarshi signallar ham yangramoqda. Reuters agentligiga izoh bergan Oq uy vakili Vashington harbiylarga hozircha Venesuela neftini blokada qilishga eʼtibor qaratish topshirilganini, kamida ikki oy davomida keskinlashuv rejalashtirilmaganini bildirgan.

Sankt-Peterburg davlat universiteti professori Viktor Xeyfesning taʼkidlashicha, AQSH harbiy qudratiga qaramay, hozircha quruqlikda keng koʻlamli operatsiya oʻtkazish uchun yetarli resursga ega emas. Uning hisob-kitobiga koʻra, 15 ming nafar harbiy va Kolumbiyadagi kuchlar ham bu uchun kamlik qiladi. Qoʻshimcha kontingent joʻnatish esa katta vaqt va moliyaviy xarajat talab qiladi.

Ekspertning fikricha, yana bir jiddiy xavf — ehtimoliy yoʻqotishlar. AQSH kichik davlatlarga qarshi operatsiyalarda ham yoʻqotishlarga uchragan. Venesuelada esa qarshilik kuchli boʻlishi mumkin, chunki mamlakatda Ugo Chaves davrida tashqi tajovuzga qarshi partizanlik kurashi konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Bu esa mutlaqo bashorat qilib boʻlmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Rossiya Fanlar akademiyasining AQSH va Kanada institutining yetakchi ilmiy xodimi Vladimir Vasilyev esa AQSH quruqlik operatsiyasi boʻyicha qarorni allaqachon qabul qilgan, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, “rojdestvo” taʼtillari sabab hozircha faol harakat yoʻq, ammo Yangi yildan keyin jiddiy qadamlar kutilmoqda. Bu harakatlar aniq zarbalar yoki mahalliy beqarorlashtirish urinishlari koʻrinishida boʻlishi mumkin.

Ayni paytda AQSH Venesuelaga nisbatan asosan iqtisodiy bosimni kuchaytirmoqda. Hozirgacha mamlakat sohillari yaqinida kamida uchta neft tankeri ushlab qolingan. Donald Tramp bu neft AQSH nazoratida qolishini, zaruratga qarab sotilishi yoki strategik zaxiralarda ishlatilishi mumkinligini aytdi. Ekspertlar fikriga koʻra, AQSH uchun bu oʻta xavfli yoʻl boʻlib, mamlakat oʻz qoʻli bilan yaratgan mojaroga chuqurroq botib ketishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер