Ixcham toʻylari bilan oʻrnak yozyovonliklar
Yozyovon tumanidagi “Bahor” mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Ismoiljon Bolqonovni mahalladoshlari namunali oila sohibi sifatida bilishadi. Ushbu oila aʼzolari toʻy va marosimlarni dabdabasiz, kamchiqim oʻtkazish borasida boshlangan ezgu tashabbusni birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladi. Ismoiljon ota nabirasi Aʼzamjonning nikoh toʻyiga 100 nafar mehmon — qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshni, kuyov va kelinning doʻstlarini taklif etdi. Bobosining taklifiga tadbirkor nabira Aʼzamjon qarshilik qilmadi. Boʻlajak kelin – qoʻli gul chevar ham kattalarning maslahatini yoqladi. Natijada shovqin-suronsiz, ortiqcha chiqimlarsiz oʻtgan toʻy barchaga manzur boʻldi. Yangi tashabbus mahallada juda tez ommalashdi. Xurshid Parpiyev, Isroil Abdurahmonovlar ham shunday toʻy oʻtkazib, koʻpchilikning duosini oldi.
Bunday tashabbus yurtimiz miqyosida ommalashtirishga arziydi. Boisi birgina Yozyovonda joriy yilning toʻqqiz oyida 104 ta ajrim qayd etilgan. Bu raqam atigi bir yil oldingiga solishtirilganda ham 24 taga koʻpaygan. Ajrimlarning qariyb 50 foizi 30 yoshgacha boʻlgan oilalar. 78 nafar juftlik oilaviy kelishmovchilik tufayli ajrashgan. Tumandagi 15 ta mahallada ajrimlar soni sezilarli darajada oshgan.
– Shu yilning oʻtgan davrida 235 ta nizoli oilalarning manzilli roʻyxati shakllantirilib, 137 tasi yarashtirildi, – deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Saida Usmonova. – 84 ta noqonuniy oilaning nikohi rasmiylashtirildi.
Ammo bu maʼlumotlar toʻliq xotirjam boʻlish uchun yetarli emas. Aytaylik, shu yilning toʻqqiz oyida tumanda 594 ta nikoh rasmiylashtirildi. Lekin bor-yoʻgʻi 113 ta juftlik Yozyovon tumani “Yosh kelin-kuyovlar maktabi”dagi ikki kunlik oʻquvga jalb etilgan, xolos. Afsus, mahalla xotin-qizlar faollari yangi oila haqida toʻy yoki toʻydan keyin eshitishi kishini taajjubga soladi.
— Yangi tashabbus tufayli bitta oilaning ixcham toʻyga sarflagan mablagʻi 17,5 – 18 million soʻmni tashkil etdi, — deydi “Bahor” MFY raisi Mahfuza Mamajonova. — Endilikda mahalladagi toʻylarning har oylik hisobotini yuritish yoʻlga qoʻyildi. Har bir oila toʻy xarajatini oldindan biladi. Unga qatʼiy amal qilishga odatlanmoqda.
Mahalladagi “Oqila ayollar” harakatiga 15 nafar onaxonlar boshchilik qiladi. Faxriy oʻqituvchi Muqaddas Nishonova unga rahbar. Besh nafar farzandini oʻqitib, ziyoli kelinlari bilan ahil-inoqlikda yashayotgan onaxonning gapini mahallada hech kim ikki qilmaydi. Mahalla nuroniylari ham faol. Barcha bir yoqadan bosh chiqarib, yaqin yillarda mahallaning 19 ta ichki koʻchasi toʻliq asfalt qilindi. Qariyb 400 ta beton tayanch ustunlariga quyosh panelli koʻcha chiroqlari oʻrnatildi. Joriy yilda “Ayollar daftari”dagi 104 nafar xotin-qizlar toʻliq roʻyxatdan chiqarildi. “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan 12 ta oilaning 6 tasiga amaliy yordam koʻrsatildi.
— 1113 ta oilada 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi “Bahor” MFY xotin-qizlar faoli Gulbahor Hasanboyeva. — Ammo shu yilning toʻqqiz oyida mahallada birorta ham ajrim qayd etilmadi. Jinoyatchilik koʻrsatkichi boʻyicha ham mahalla “yashil” hududda.
— Toʻy va marosimlarda isrofgarchilikka chek qoʻyish, odob-axloq va milliy qadriyatlarni targʻib etish maqsadida yangi 90 kunlik dastur ishga tushirildi, — deydi Yozyovon tumani “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik harakati rahbari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Mavludaxon Mamadaliyeva. — Shu maqsadda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani ayni muddao boʻlmoqda.
2019-yilning 14-sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilingan. Qaror bilan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlangan. Nizomga koʻra, oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkin. Endilikda nizom talablari asosida milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan qoʻshimcha rasm-rusum hamda shoularni oʻtkazishga ruxsat berilmaydi. Yozyovonliklar bitta mahalla misolida bu ezgu tashabbusni yuz foiz hayotga tatbiq etish mumkinligi isbotladi. Navbat keyingi qadamlarga... Yurtimizdagi har bir mahalla nuroniylari, faollari va ziyolilar mazkur tashabbusni qoʻllab-quvvatlashi zarur.
Botir MADIYOROV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring