Ixcham toʻylar anʼanaga aylanishi kerak
Mahmudxoʻja Behbudiy toʻylarga nisbatan shunday taʼrif bergan edi: “Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, sil-ar-iya va maxavliknimi dersiz? Yoʻq, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va gʻarib etguvchi bir dard, biz — turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizgʻacha istilo etib, butun tirikligimizgʻa sorilgon va bizni inqirozgʻa va tahlikagʻa va jahannamgʻa yumalataturgon toʻy, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman“.
Maʼrifatparvarimiz aytgan bu soʻzlar yuz yil oʻtib ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Bugun ham toʻy masalasi trendda. Minglab yurtdoshlarimiz keti koʻrinmaydigan orzular bilan toʻy qilmoqda. Toʻyni “Men sendan kammi” deb “poyga”ga aylantirayotganlar ikki yoshning boshini qovushtirish bahona atrofdagilarga oʻzining mol-u davlatini koʻz-koʻz qilmoqchi boʻlayotgandek. Katta toʻyning xarajati ham katta boʻladi. Toʻy egasi bir kunlik hashamat uchun butun umr ishlashi kerak. Endi toʻy oʻtkazishgacha boʻlgan marosimlardagi xarajatlarni bir hisob-kitob qilib koʻring! Toʻyga qadar “sovgʻa berish”, “oq oʻrar”, “fotiha”, “toʻy yuborar” marosimlari oʻtkazish “anʼana”ga aylangan boʻlsa, toʻydan keyin “kelin salom”, “qovurdoq”, “challari”, “haftalik”, “chorlov” bilan davom etadi. Vodiyda ham “kelin navkari”, “chorlar”, “ota koʻrdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “togʻora yuborish” kabi udumlar oʻtkaziladi. Bundan tashqari, Fargʻona vodiysida toʻydan soʻng qiz uzatgan xonadon kuyov tomonga 40 kun turli yeguliklar yuboradi. Andijonda buni “mazar” deyishadi. Xorazmda “qiz yigʻin”, “xina yoqar” degan keraksiz marosimlar bor. Bu urf-odat deb atalayotgan bidʼatlar oqibatida qancha oilalar buzilayapti, kambagʻallik domiga tushib qolyapti. Butun umr yiqqanini bir kunlik toʻyga sovurib, qarz-qavola bilan yashayotganlar qancha! Nega odamlar oʻzlari oʻylab topgan soxta dabdabaga buncha tobe?
Aslida “Toʻy” atamasi turkiy soʻzdan olingan boʻlib, “toy”, “qurultoy” maʼnosini anglatadi. Keyingi paytda bu soʻz “sen yeb toʻy”dek quloqqa eshitiladi. Toʻydan murodi azim, necha xil taomlar bilan maqtanish, dasturxonga hamma narsa qoʻyib, mehmonlarning ogʻzini lang ochishdan iborat boʻlib qolmoqda. Bunga toʻy egalari pinagini ham buzmaydi. Xuddi bunday sarflar unga choʻt emasdek. Hech biri qarzdor boʻlmagan, asabbuzarlik roʻy bermagan, xuddi puli-yu daromadining oxiri yoʻqdek. Ammo soppa-sogʻ ayrim odamlar 50ga kirmasdan toʻsatdan infarkt boʻlyapti. Sababi katta toʻy qilaman, deb qarzga botgan.
Aql-u zakosi but, dunyoqarashi keng odamlar nahotki hayotdan maqsad, orzu-havasni shunday soxta tushunchalar ustiga quradi? Bugun “anʼana” degan yuksak maqom berib qoʻyilgan toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, aza marosimi tadbirlari butun boshli inson hayotining eng ulkan maqsadiga aylangani achinarli. Oʻtmishda ajdodlarimiz bu marosimga befarq boʻlmagan. Buxoro amirligi dabdabali toʻy va marosimlarni tugatishga uringan. Oʻsha davrda ham toʻylar gʻoyatda hashamdor boʻlib, odatda 7-8 kun davom etgan. Har kuni 6-7 xil ovqat pishirilib, taklif qilingan mehmonlarga ketish vaqtida hozirgi hisob bilan 800 grammdan 16 kilogrammgacha qand berish odat tusiga kirgan. Shundan soʻng 1911-yilda amir Said Olimxon “Juda isrofli toʻylarni tugatish toʻgʻrisida” farmon chiqargan. Buni bugungi kun bilan taqqoslaydigan boʻlsak, yurtimizda bir yilda oʻrtacha 300 ming atrofida toʻy marosimlari oʻtkazilar ekan. Ularning umumiy sarf-xarajati qariyb 3 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. Bu qaysidir davlatning byudjeti degani. Agar oddiy proporsiya bilan ajrimlar soni koʻrib chiqilsa, toʻy xarajatlari juda katta foizi havoga uchayotganiga guvoh boʻlish va ixtiyorsiz yigʻlab yuborish mumkin.
Karantin davridagi toʻylarni eslang. 30 kishilik toʻy shu darajada yaxshi oʻtdiki, bor-yoʻgʻi 2 million soʻm sarflab elga dasturxon yozganlar boʻldi. Bundan na birov xafa boʻldi, na birov “toʻyim oddiy oʻtdi” deb nolidi. Qani endi oʻsha tartibda davom etganimizda, hashamdor toʻylar soni qisqarardi. Toʻy — milliy urf-odatimiz. Uni qanday oʻtkazish borasida yagona, qatʼiy normalar belgilanishi maqsadga muvofiq emas. Ammo toʻylarni milliy qadriyatlar asosida, kamxarj, dabdabalardan xoli oʻtkazish oʻziga va oilasiga osoyishtalik olib kelishini har bir inson ongli ravishda tushunib yetishi lozim.
Gulnora Shermatova
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring